Bugun, 9 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoev milliy iqtisodiyot barqarorligini ta`minlashga doir dolzarb masalalar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.
Yig`ilishda davlat rahbari yangicha yondashuv va instrumentlarni qo`llash orqali joriy yil iqtisodiyotda o`sish sur`atlarini ta`minlash uchun barcha imkoniyatlar borligini ta`kidladi.
Byudjet tushumi va xarajatlarini optimallashtirish topshirildi. Korxonalar faoliyatini qayta tiklash va soliq ma`muriyatchiligini yaxshilash hisobiga qo`shimcha daromadlarni ta`minlash, tashqi qarz bitimlarini tuzishda belgilangan cheklovdan oshmaslik bo`yicha ko`rsatma berildi.
Shuningdek, davlat rahbari Xitoy tajribasidan kelib chiqib, kambag`allik darajasi yuqori bo`lgan qishloqlarga vazirlik va idoralarni biriktirib, muhtojlarga ko`maklashish tizimini yaratish, oilaviy tadbirkorlik va tomorqachilikni rivojlantirish bo`yicha topshiriqlar berdi. Davlat granti hisobiga tahsil olgan talabalarni 3 yil muddatga shunday hududlarga mehnat faoliyati uchun yo`naltirish taklifi bildirildi.
Yuqori texnologiyali tarmoqlarda kichik biznes hissasi kamligi qayd etilib, bunday sub`ektlarni davlat tomonidan rag`batlantirish mexanizmini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi. Hududlarda kichik sanoat zonalari tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Yig`ilishda mutasaddi rahbarlar iqtisodiyotni rivojlantirish bo`yicha qisqa va o`rta muddatda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan o`z takliflarini bildirdi.






