AsosiyDunyo

Rossiyada mast aktyor sodir etgan avariyada odam o`ldi

Rossiyada xizmat ko`rsatgan teatr va kino aktyori Mixail Efremov uy qamog`iga hukm qilindi...

'Rossiyada mast aktyor sodir etgan avariyada odam o`ldi'ning rasmi

Rossiyada xizmat ko`rsatgan teatr va kino aktyori Mixail Efremov uy qamog`iga hukm qilindi. U mast holatda mashina haydab avtohalokat keltirib chiqargan. Oqibatda u bilan to`qnashgan mashina haydovchisi halok bo`lgan. Bu haqda internet manbalar asosida Kun ma`lum qildi.

Avariyadan keyin aktyorni chetga chiqmaslik to`g`risidagi tilxat bilan uyiga qo`yib yuborishgandi. Efremov 9 iyun kuni tergovga belgilangan vaqtda etib kelmagani sabab uni uy qamog`iga olishga qaror qilishgan. Aktyor bunga qarshilik qilmadi.

Efremov ishtirokidagi avariya dushanba kuni kechasi sodir bo`lgan. Halokat Sadovaya aylanma yo`lining Rossiya tashqi ishlar vazirligi ro`parasidagi qismida sodir bo`lgan. Aktyor Efremov boshqaruvidagi Jip yo`lning qarama-qarshi yo`nalishiga chiqib ketgan va furgonga borib urilgan. Furgon rulida bo`lgan 57 yoshli Sergey Zaxarov halok bo`ldi.

U ishdan qaytayotgan bo`lgan...

Efremovning mashinasi kelib urilishi sabab vafot etgan 57 yoshli Sergey Zaxarov ryazanlik bo`lgan. U internet-do`konda ishlagan. Avariya sodir bo`lganda u dengiz mahsulotlarini olib ketayotgan bo`lgan. U ikki haftalab smenada ishlagan va o`zi kabi haydovchilar bilan ijarada yashagan. Yaqinlarining aytishicha, Zaxarov Moskvani yoqtirmagan va qarigan vaqtida hayot yaqinlaridan uzoqda ishlashga majbur qilganini afsuslanib gapirgan. Yaqinlari marhumni kamgap va tartibli odam deb eslashdi.

Vafot etgan odam Sergey Zaxarov ekani haqida u ishlaydigan internet-do`kon «Delikateska.ru»ning instagram sahifasida ma`lum qilingan: «Bizning haydovchimiz Sergey Zaxarov avtohalokatga uchrab bugun tongda kasalxonada halok bo`ldi. Uning oila a`zolariga hamdardlik bildiramiz. U oilamizning bir qismi edi. Do`stlar, o`zingiz va o`zgalarni ehtiyot qiling. Barchasining oldini olish oddiy ish ekanini o`ylash naqadar og`ir...», deyilgan bayonotda. Zaxarov avariya sodir bo`lganidan 10 daqiqa avval oxirgi buyurtmani etkazgan va ishini tugatib qaytayotgan bo`lgan.

Efremov va advokatlari nima deyishmoqda?

Mixail Efremov
Foto: Tagan sudi matbuot xizmati

Efremov avariyadan keyin bir necha marta kamera qarshisida paydo bo`ldi va har safar uning shok holatda ekanini ko`rish mumkin. U bir necha marta sodir bo`lgan voqea haqida gapirilganda yig`lab ham yuborgan. Aktyorning advokati Vitaliy Chernishev mijozi marhumning oila a`zolariga yordam berishga tayyorligini aytgan. Ma`lum bo`lishicha, Efremovning o`zi ham halokat vaqtida jarohatlangan. U boshi bilan qattiq urilgan va bu ham uning ruhiy jihatdan o`zini yomon his qilayotganiga sabab bo`lishi mumkin. Efremov uyidan qarshiliksiz polisiya mahkamasiga olib ketilgan va so`roqqa olib borilgan vaqtda uning qo`lga olingani haqida e`lon qilishgan. Huquqshonoslarning taxminicha, marhumning oila a`zolaridan kechirim so`rab, ularga 5 million rubl (73 ming AQSh dollari) ma`naviy zarar uchun to`lash orqali Efremov jazosini engillatishi mumkin.

Aktyorlar nima deyishmoqda?

Halokat sodir bo`lgach, OAVda Efremov bilan birga uning mashinasida yana bir aktyor Ivan Stebunov va rafiqasi Elena Vlasova ham bo`lgani yozildi. Ammo Stebunov buni rad etdi: «Mashinada men ham, xotinim ham yo`q edik. Hech qanaqa barda ham birga maishat qilganimiz ham yo`q. Shunchaki xotinim bilan voqea sodir bo`lgan joyga bordik. Keyin u erga aktyor Sergey Garmash ham bordi».

Aktyorning hamkasblari uni oqlab postlar yozishdi. Rejissyor Roman Kochanov hech qachon rulda o`tirmasligini va avtohalokat vaqtida faqat jabrlanuvchi bo`lishi mumkinligini aytib, har qanday odam mast holda rulga o`tirishi mumkinligini eslatdi: «Mishani otish kerak, osish kerak, degan gaplarni o`qidim. Uning xeyterlarini o`zlari va yaqinlarining ham harakatlaridan ogoh bo`lishga undagan bo`lardim».

Efremovning do`sti bo`lgan shoir Andrey Orlovning aytishicha, aktyor odatda ichgan vaqtida rulga o`tirmagan: «Men u bilan 1977 yildan buyon tanishman va u qachondir ichib rulga o`tirganini eslolmayman. U yoki shafyor chaqirar yoki taksiga o`tirardi. Hozir siz bilan qurbonlar bir emas, ikki nafar bo`lgan halokat haqida gaplashayotgan bo`lishimiz mumkin edi. Axir bu to`g`rima-to`g`ri to`qnashuv. Efremovning o`zi ham o`lib ketishi mumkin edi».

Rejissyor Nikita Mixalkovning aytishicha, beparvolik va jazoning muqarrar bo`lmagani mana shunday holatlarga olib keladi: «Marhumning yaqinlari uchun dahshatli va adolatsiz holat bo`ldi. Beparvolik va jazoning muqarrar emasligi tabiiyki mana shunday holatlarga olib keladi».

Polisiya nima demoqda?

Foto: Roman Kanashuk/TASS

Avvaliga Efremovga yo`l qoidasini buzish va transport vositasiga zarar etkazish ayblovi qo`yilgandi. Bu ayblov uchun 3-7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi mumkin. Keyin esa ayblov odamning o`limiga olib keluvchi halokatga sababchi bo`lish, deb o`zgartirildi. Bu ayblovga ko`ra, fuqarolarga 7-12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi xavf solishi mumkin. Shuningdek, aktyorning avvalgi qoidabuzarlik va sodir etgan avariyalari o`rganib chiqiladi.

«Interfaks»ning aniqlashicha, aktyorning qonida 2,1 promille miqdorida alkogol bo`lgan va bu o`rta hamda yuqori mastlik darajalarining orasidagi ko`rsatkich hisoblanadi. Rus OAVlarida Efremovning qonida kokain va marixuana ham aniqlangani yozildi. «RIA Novosti» manbasining ma`lum qilishicha, gap avval iste`mol qilingan narkotik moddalar haqida ketmoqda va ular avariyaga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir qilgani aniq emas.

Voqeaga Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham munosabat bildirdi: «Afsuski, gap fojiali halokat haqida ketmoqda. Mast haydovchi, uning kimligi butunlay ahamiyatsiz, o`lim bilan tugagan halokatga sababchi bo`ldi», degan Peskov.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa Efremovning manziliga juda yomon so`zlari yog`ilmoqda. Aksar foydalanuvchilar mashhurlar va boylar xohlaganidek mashina haydab yurgani mana shunday holatlarga olib kelganini gapirgan. Voqea joyida yig`ilgan odamlar ham Efremovni videoga olib uning sha`niga haqoratli so`zlar aytgan.

Sulh bo`lmaydi

Rossiya «Birinchi kanali»dagi «Pust govoryat» teledasturida qatnashgan marhum Sergey Zaxarovning bevasi Irina Zaxarova kelishishni xohlamasligini aytdi: «Hech qanaqa tinch kelishuvni xohlamayman. Xohlamayman! O`tirib chiqsin. Qancha ko`p bo`lsa, shuncha yaxshi», degan Zaxarova.

Mixail Efremov uy qamog`iga yuborildi

Tergov Efremovning guvohlarga ta`sir o`tkazishi va yashirinishi mumkinligini inobatga olib, uni uy qamog`iga olish borasida sudga so`rov kiritdi. Uni qanoatlantirgan sud Efremovni 9 avgustgacha uy qamog`iga hukm qildi.

 

    Boshqa yangiliklar