AsosiyDUNYO

AQShdagi namoyishlar: Xristofor Kolumbning bir haykali boshsiz qoldi

10 iyunga kelib, navbat Xristofor Kolumb haykallariga keldi – Kolumga atab qo`yilgan monum...

'AQShdagi namoyishlar: Xristofor Kolumbning bir haykali boshsiz qoldi'ning rasmi

10 iyunga kelib, navbat Xristofor Kolumb haykallariga keldi – Kolumga atab qo`yilgan monumentlardan biri boshsiz qoldi, yana birini ko`lga uloqtirishdi. Bu haqda kun.uz yozmoqda. 

Ma`lumot o`rnida:

Kolumb – Amerika kashfiyotchisi sanaladi. AQShda hatto Kolumb kuni ham nishonlanadi (12 oktyabr). Ammo so`nggi yillarda dengizchining merosi qayta ko`rib chiqilmoqda – tanqidchilarga ko`ra, Kolumbning sayohati amalda transatlantik qul savdosiga yo`l ochib bergan. Qolaversa, ispan-italyan jahongashtasini Amerikaning tub aholisiga shafqatsiz munosabatda bo`lganlikda va ularni o`ldirganlikda ayblashadi. Shu boisdan ham ayrim shtatlarda Kolumb kunini bekor qilib, o`rniga Tub mahalliy aholi kunini joriy qilishga qaratilgan chaqiriqlar bor.

 

 

Ayni kunlardagi namoyishlarda Kolumb ham norozi amerikaliklar e`tiboridan chetda qolmayapti. Virjiniya shtatining Richmond shahridagi tinch namoyish vaqtida aksiya ishtirokchilari dengizchining haykali atrofida yig`ilib, rasmiylardan yodgorlikni rasman buzib tashlashni talab qilishdi.

Bir necha soat o`tib, namoyishchilar qo`llariga arqon olgancha o`zlari monumentni olib tashlashga kirishdilar. Haykalga o`t qo`yilib, parkka sudrab olib kelindi va ko`lga tashlab yuborildi.

Yodgorlik o`rnatilgan ustunda esa quyidagi yozuv paydo bo`ldi: «Kolumb – genosid ramzi».

Boston shahrining Nort-End rayonidagi parkka o`rnatilgan Xristofor Kolumb haykali ham namoyishchilar g`azabiga duchor bo`ldi. 10 iyun kuni dengizchi monumentining bosh qismi yulib olindi. Haykal bo`lagini shu yaqin atrofdan topishgan.

Foto: REUTERS

Ma`lum bo`lishicha, bu – Bostondagi mazkur yodgorlikka qilingan birinchi hujum emas. 2004 yilda unga «qotil» so`zini yozib ketishgan, 2006 yilda esa kechagidek boshsiz qoldirishgan, 2015 yilda esa bosh qismini qizil bo`yoq bilan bo`yab tashlab, asos qismiga «Black Lives Matter» shiorini («qora tanlilarning hayoti muhim») yozib ketishgandi.

2015 yil
Foto: NorthEndWaterfront.com

Boston rasmiylari haykal rekonstruksiya qilish maqsadida joyidan olib ketilishini, ammo shu bilan monument o`z o`rniga qaytmasligi mumkinligini bildirishdi:

«Yodgorlik bir necha marta vandalizmga uchradi. Shahrimiz va butun mamlakatdagi gap-so`zlarni hisobga olgan holda, biz uning tarixiy ahamiyatiga baho berishimiz lozim».

Foto: Boston Globe

Evropalik kashfiyotchining haykallariga qilingan hujumlar ijtimoiy tarmoqlarda yana ushbu mavzu muhokamasi boshlanishiga turtki bo`ldi.

Namoyishchilar tarafdorlari yodgorliklarga zarar etkazilganini yoqlab, «adolat qaror topgani»ni aytishmoqda.

Boshqalar esa bu harakatlarda tarixni qayta yozishga urinishni ko`rmoqda. Qarshi tomonning fikricha, bu xatti-harakatlar – o`tmish elementlari zamonaviy kontekstga mos kelmay qolganda ulardan voz kechilishini ifodalovchi «bekor qilish madaniyati»ning bir ko`rinishidir.

    Boshqa yangiliklar