AQSh O`zbekistondagi diniy erkinliklar sohasidagi ilgarilashni e`tirof etdi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi.
2020 yil 10 iyun kuni AQSh Davlat departamenti 2019 yil uchun diniy erkinlik to`g`risidagi navbatdagi ma`ruzasini e`lon qildi. Unda dunyoda e`tiqod erkinligi holati baholangan.
Hujjat har yili nashr etiladi va uning asosida AQSh Davlat kotibi u yoki bu mamlakatni “alohida xavotir uyg`otuvchi davlatlar” ro`yxatiga qo`shish to`g`risida qaror qabul qiladi.
Davlat kotibi Maykl Pompeo hisobotni taqdim etar ekan, AQSh tashqi siyosati kun tartibida diniy erkinlikni ta`minlash masalasi ustuvor ekanligini ta`kidladi va bir qator mamlakatlardagi holatga baho berdi.
Diniy erkinlik sohasidagi ijobiy tendensiyalar haqida so`zlar ekan, Davlat departamenti rahbari O`zbekiston erishgan o`zgarishni alohida qayd etdi.
“O`zbekistonda diniy erkinlik bilan bog`liq vaziyatni yaxshilash bo`yicha jiddiy qadamlar qo`yildi va bu qadamlar davom etmoqda. Joriy yil boshida ushbu mamlakatda bo`lganimda, men diniy etakchilar bilan ajoyib suhbat qilgan edim”, – dedi Maykl Pompeo.
“Biz 2019 yilda ro`yxatdan o`tmagan diniy guruhlarga qarshi birorta ham huquq-tartibot reydini qayd etmadik, 2018 yil bilan solishtirganda ushbu ko`rsatkich 114 tani, 2017 yilda esa 240 tani tashkil etgan. Bu ulkan muvaffaqiyat, haqiqiy o`zgarish”, – deya ta`kidladi AQSh Davlat kotibi.
Alohida so`zga chiqqan Diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlar bo`yicha elchi Samuel Braunbek ham qator o`zgarishlar tufayli O`zbekiston diniy erkinliklar sohasida alohida tashvish uyg`otuvchi davlatlar ro`yxatidan chiqarilganini ta`kidladi.
Eslatib o`tamiz, 2018 yil dekabr oyida Davlat departamenti rahbari o`z qarori bilan O`zbekistonni ushbu toifadan rasman chiqargan va shu bilan mamlakatning diniy erkinlikni ta`minlash borasidagi salmoqli yutuqlarini e`tirof etgan edi.
Ma`ruzaning e`lon qilinishiga izoh berar ekan, AQShning Xalqaro diniy erkinliklar bo`yicha komissiyasi raisining o`rinbosari Nadin Maenza diniy erkinlikni ta`minlash borasida kamchilik davlatlar O`zbekiston kabi choralarni ko`rayotganini ta`kidladi. “Davlat departamenti rahbari tomonidan O`zbekistondagi o`zgarish va yutuqlar e`tirof etilganini ko`rish quvonarli”, – dedi Nadin Maenza.
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda faol ishtirok etayotgan Brigam Yang universiteti Xalqaro huquqiy va diniy tadqiqotlar markazi direktorining o`rinbosari Elizabet Klark ham O`zbekistonning mazkur sohadagi yutuqlarini yuqori baholadi. “O`zbekistonga diniy erkinliklarni ta`minlash borasidagi sa`y-harakatlari uchun haqiqatan ham munosib e`tibor qaratilmoqda”, – dedi professor Klark.






