Ijtimoiy tarmoqlarda keyingi kunlarda Qashqadaryo viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar haqida aholi orasida turli mish-mishlar ko`payganligi, viloyatdagi rasmiy manbalar bu borada o`z vaqtida munosabat bildirmayotganligi haqidagi e`tirozlar paydo bo`ldi.
Viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasining axborot xizmatining ma`lum qilishicha, bir marta musbat natija olingani Covid-19 koronavirus infeksiyasiga oid yakuniy xulosa bermaydi. Musbat natijali tahlillar SEOM virusologiya laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan o`tkaziladi va faqat shundan keyingina uzil-kesil tashxis qo`yiladi.
" - Mana shu sabablarga ko`ra viloyatdagi rasmiy manbalari koronavirusga chalingan fuqarolar mavzusida SSV xulosalarini kutishga va faqat shu asosdagina ma`lumot tarqatishga majbur. Shu sababli bu borada ularni (shu jumladan, bizni ham) faoliyatsizlikda ayblash noo`rin. Maqsadimiz, aholini xolis, haqqoniy va ishonchli axborot bilan ta`minlash ekan, bu tadbirni to`g`ri tushunish zarur.
Muborakdagi vaziyat bo`yicha esa SSV ma`lumotiga qo`shimcha tarzda shuni qayd etish mumkinki, tumandagi xorijiy korxonaning bir yo`la koronavirus infeksiyasi aniqlangan 28 nafar xodimining bir nafari turkiyalik, qolganlari qozog`istonlik fuqarolardir. Shu o`rinda 6 iyunda ham shu hududda ishlovchi qozog`istonlik fuqaroda infeksiya aniqlanganini ham eslatib o`tmoqchimiz. Ular viloyatimiz hududiga avtobus orqali kirib kelishgan va darhol karantinga olingan.
Koson tumanilik fuqarolarda virus aniqlanibdi, degan mish-mishga esa mazkur tuman fuqarolaridan biri topshirgan tahlil namunasida viloyatdagi virusologiya laboratoriyasida musbat natija qayd etilgani sabab bo`lgan. Yuqorida ta`kidlaganimizdek, bu hali yakuniy xulosa, degani emas. Ayni paytgacha poytaxtdan tahlil natijalari ma`lum qilinmadi.
Keyingi kunlarda tarqalgan uchinchi mish-mish Qarshi shahridagi “Erqo`rg`on” bozorining yopilishi bilan bog`liq. Bu borada shuni ma`lum qilamizki, bozor dezinfeksiya maqsadida yopilgan edi. Ertaga – 13 iyun kuni ertalabdan mazkur bozor o`z faoliyatini odatdagi tartibda davom ettiradi," deyiladi munosabatda.
Esaltib o`tamiz, kecha Muborak tumanidagi korxonaning 28 ishchisida koronavirus aniqlangan edi. Qarshi shahridagi dehqon bozori ishchilari orasida ham koronavirus aniqlangani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.






