SARS-CoV-2 koronavirusi quruq va salqin iqlimga ega mintaqalarda tez tarqaladi. Olimlarning xalqaro guruhi olib borgan tadqiqotlarida shu haqda gap boradi. Tadqiqot natijalari yaqinda Amerikaning JAMA Network Open tibbiyot assosiasiyasi jurnalida e`lon qilindi.
Tadqiqot doirasida olimlar virus dunyoning 50 ta shahrida qanday tarqalishini baholadilar. Ularning ichidan virus tarqalishi juda tez kechayotgan sakkizta shahar – Uxan, Tokio, Tegu, Kum, Milan, Parij, Sietl va Madrid shaharlari ajratib olindi.
Tadqiqotchilar ushbu shaharlarning hammasi 30-50 daraja shimoliy kengilikda joylashganiga e`tibor qaratishdi.
Bu shuningdek, AQShning kontinental qismidagi janubiy va shimoliy chegaralariga ham to`g`ri kelmoqda. Ushbu «yo`lakda» joylashgan shaharlarda koronavirus tarqalishi eng cho`qqiga chiqqan paytda ob-havo taxminan bir xil bo`lgan. Ob-havo 44-84 foiz namlik sharoitida besh darajadan 10 darajagacha iliq bo`lgan.
"Bizning fikrimizcha, SARS-CoV-2 virusi harorat va namlik yuqori bo`lgan sharoitda sust tarqaladi", — deydi UPI agentligiga tadqiqot ishtirokchilarining biri, Merilend shtati Universiteti qoshidagi virusologiya instituti professori Muhammad Sajadi.






