Avval xabar qilganimizdek, Surxondaryo viloyati hokimi To`ra Bobolov mahalliy televidenie orqali chiqish qilib, viloyatdagi hozirgi epidemiologik vaziyat hamda koronavirus infeksiyasi tarqalib ketishining oldini olish uchun zarur profilaktik chora-tadbirlar ko`rilayotgani haqida ma`lum qildi.
Viloyat hokimining ta`kidlashicha, ayrim rahbar va xodimlarning, fuqarolarning karantin qoidalariga qat`iy rioya qilishdagi e`tiborsizligi koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq epidemiologik vaziyatning keskinlashuviga sabab bo`lmoqda.
"To`y va marakalarning belgilangan talablar bo`yicha o`tkazilmaganligi natijasida ham ko`plab fuqarolar karantinga olinmoqda. Xususan, Muzrabot tumanida o`tkazilgan to`yda belgilangan karantin qoidalariga amal qilinmaganligi natijasida 250 dan ortiq fuqoro karantinga olindi", - ma`lum qilgan viloyat hokimi.
Ma`lumot uchun: hozirda viloyatda 4118 nafar fuqaro karantinga olingan. Ularning 298 nafari tibbiyot muassasalarida, 678 nafari sihatgoh va maxsus binolarda, 3142 nafari esa o`z uylarida kuzatuvda bo`lib turibdi.
Eslatib o`tamiz, sal avval Termiz shahriga kirish-chiqish to`xtatilgani xabar qilingan edi.






