AsosiyJinoyat

Totalizatorga tikilgan pul ortidagi jinoyatlar fosh bo`ldi

'Totalizatorga tikilgan pul ortidagi jinoyatlar fosh bo`ldi'ning rasmi

Oramizda boshi berk ko`chaga takror va takror qadam qo`yib, “qaytib bu yo`lga qadam bosmayman”, deya sudda pushaymonligini bildirgan bo`lsa-da, yana eski “hunari”ni davom ettiradiganlar ham yo`q emas...

Vaqtincha ishsiz ayol o`zganing mulkini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritish maqsadida bir fuqaroning ishonchiga kirishning uddasidan chiqadi. Unga 4.000 AQSh dollarini bergan taqdirda, qolgan pullarni o`zining xisobidan to`lab, jami 74.000.000 so`mga avtosalondan “Spark” mashinasini shartnoma asosida olib berishni va`da qiladi...

2019 yilning 20-25 avgust kunlaridagi vaqt oralig`ida bo`lib-bo`lib, jami 4.000 AQSh dollarini qo`lga kiritadi. Biroq bergan va`dasini bajarmay pullarni o`z ehtiyoji uchun ishlatib yuboradi.

Markaziy bankining ma`lumotnomasiga ko`ra, 2019 yil 25 avgustdagi 1 AQSh dollarining so`mga nisbatan qiymati 9.384,00 so`mni tashkil etgan bo`lib, 4.000 AQSh dollari 37.536.000 so`mga teng bo`lgan.

“O`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas ekan”. Ayol jinoiy harakatlarini davom ettiradi. Bu galgi o`ljasi bir uyda yashab kelgan o`zining yaqin tanishi edi.  25 avgustdan 15 oktyabr kuniga qadar bo`lgan vaqt oralig`ida uy yotoqxonasidagi “seyf”dagi

  • jami narxi 18.000.000 so`mlik 2 dona ayollar tilla zanjiri bilan 1 dona kulonini, 
  • jami narxi 11.475.000 so`mlik 2 dona ayollar qo`l tilla zanjirlarini, 
  • narxi 1.600.000 so`mlik 1 dona qizil ko`zli ayollar tilla uzugi, 
  • jami narxi 500 AQSh dollari bo`lgan 2 dona ayollar tilla uzuklarini o`g`irlaydi.

Natijada fuqaroga jami 35.802.512 so`m moddiy zarar etkazgan.

Markaziy bankining ma`lumotnomasiga ko`ra, 2019 yil 15 oktyabrdagi 1 AQSh dollarining so`mga nisbatan qiymati 9.455.024 so`mni tashkil etgan. 500 AQSh dollari 4.727.512 so`mga teng bo`lgan.

                                           “PULLARNI INTERNET O`YINIGA TIKIB, YuTKAZIB QO`YDIM”

Sudlanuvchi sudda aybiga to`liq iqror bo`ldi...

— Tanishim bilan 2010 yildan buyon tanishmiz. Uning uyida 2019 yil avgustga qadar birga yashaganmiz, qizi ham bor edi. 2019 yil taxminan avgustning o`rtalarida tanishim bilan restoranga borib ovqatlandik, spirtli ichimlik ham ichdik. Tunda restorandan chiqib, uyga ketdik. Yotoqxonadagi “seyf”dan tilla-taqinchoqlarini bir necha marotaba olib solayotgan vaqtida ko`rganmanyu O`sha vaqtlarda internetdagi sport uyiniga qiziqib qolganim sabab, tilla taqinchoqlarni o`g`irlab, pullab, internetdagi o`yinni o`ynashga sarflashni niyat qilgandim. Shu sabab u uxlab yotganidan foydalanib, “sumka”sidan kalitini olib, “seyf”ni ochdim. Polietilen paketga o`ralgan tilla taqinchoqlarni paketi bilan birga oldim. Lekin seyfda qolgan boshqa tilla taqinchoqlar va pullarni olmadim. Ularni sotib, pulini sport totalizatoriga tikdim. Pul yutib olganimdan so`ng, tilla taqinchoqlarni qayta sotib olib, joyiga qo`yib qo`ymoqchi edim.

Ertalab xonadondan xayirlashib chiqib ketdim. Shu kuni 3 dona tilla uzukni bir notanish kishiga sotib olish uchun taklif qildim. U og`irligi taxminan 19,20 gramm uzuklarni kimga tegishli ekanini surab-surishtirdi. “Tilla uzuklar erimniki, pul zarur bo`lgani uchun sotayapman”, dedim. Unga tilxat yozib berishimni aytdi, yozib berdim. Uzuklarni 4.500.000 so`mga sotib yubordim. Oradan taxminan 3-4 kun o`tgach, bir dona tilla zanjir va bir dona qo`l zanjirini notanish ayolga og`irligini 33 gramga hisoblab, jami 7.500.000 so`mga sotdim. Oradan yana 3-4 kun o`tgach, jami og`irligi 50 gramm tilla zanjir va qo`l zanjirini har bir grammini 240.000 so`mdan hisoblab, jami 12.480.000 so`mga tilla buyumlar do`konida sotdim. Oxirgi bir dona tilla kulonni bozorda tilla taqinchoqlar savdosi bilan shug`ullanuvchi ayolga 3.400.000 so`mga sotdim. Barcha pullarni internet o`yini - totalizatorga tikib, yutkazib qo`ydim. 

2019 yil oktyabrda tanishim menga qo`ng`iroq qilib, “seyf”dagi tilla taqinchoqlari o`g`irlangani uchun ichki ishlar idoralariga murojaat qilmoqchiligini aytdi. Shunda unga “xabar berma, hammasini tushuntirib beraman”, dedim. U baribir “Ichki ishlar idorasiga ariza bilan murojaat qilaman”, deb telefon go`shagini qo`yib qo`ydi. So`ng menga IIB xodimi qo`ng`iroq qilganida uzoqroqda edim. Havotirga tushib, telefonni o`chirib qo`ydim... 

Bundan tashqari, go`zallik saloniga tez-tez borib turardim. Salonda ishlovchi ayol bilan tanishib qolganman, u bilan munosabatlarimiz yaxshi bo`lgan. O`sha vaqtlari u  “Spark” sotib olmoqchi ekanidan xabarim bo`lgan. 2019 yil avgustning oxirlarida saloniga bordim va tanishimni ko`rdim. Shu payt u dugonasi bilan birga avtosalonga kreditga mashina xarid qilishga ketmoqchi bo`lib turganini bildim. Ular bilan birga avtosalonga bordim. “Spark”ning narxi 74.000.000 so`m ekan. Shunda tanishim mashinani kreditga olmoqchi bo`lib shartnoma qilgani uchun uni aldab ishonchiga kirdim. Ya`ni, mashina olib berish rejasini tuzdim. Tanishim avtosalondan chiqib ketayotganida unga “mashinani kreditga olma. Pullaringni menga bersang, qolganini o`zimning hisobimdan to`lab mashinani naqd pulga sotib olib beraman”, dedim. Pullarni keyinchalik bo`lib-bo`lib, oyiga 2.000.000 so`mdan to`lab berishi mumkinligini aytdim. “Qancha puling bor?” deb so`raganimda, jami 4.000 AQSh dollari borligini aytdi. Tanishim gaplarimga ishonib, taklifimga rozi bo`ldi. Shu kunning o`zida avtosalonda tuzgan shartnomasi bilan yonida bo`lgan 1.300 AQSh dollarini berdi. Oradan bir necha kun o`tganidan so`ng uning ishonchini so`ndirmaslik uchun go`yoki mashinani qolgan pulini so`rash maqsadida uyiga bordim. Tanishim onasining ishtirokida menga yana 1.800 AQSh dollari berdi. Bir necha kun o`tganidan so`ng qolgan pullarni ham olish maqsadida salonga bordim, yana 900 AQSh dollarini oldim. Jami 4.000 AQSh dollarini oldim. Lekin unga mashina olib bermay, pullarni o`z ehtiyojlarim uchun ishlatdim. 

Oradan ma`lum vaqt o`tgach, u mashinani so`rashni boshlagani uchun unga har-xil bahonalar to`qiy boshladim. Unga 600 AQSh dollarini qaytarib berdim. Qolgan 3.400 AQSh dollaridagi moddiy zararni qisman bo`lib-bo`lib to`lab beraman. 

Sudlanuvchi sudda qilgan ishidan pushaymonligi, qaramog`ida onasi borligi va oilada yagona boquvchi ekanini bildirib, engillik berishni so`radi.

Sanjar ABDUGANIEV, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tuman sudi sudyasi:

— Sudlanuvchi JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 169-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. JKning 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

                                                                                                                       Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

    Boshqa yangiliklar