Ijtimoiy tarmoqda bir necha fuqarolar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev va Bosh vazir A.Aripov nomiga murojaat yo`llangan. Murojaatda Urganch shahridagi 28-maktab direktorining xodimlari bilan sudlashib yurganligi keltirilgan.
2020 yil mart oyida direktor I.Kabulova shu maktabning o`zbek tili fani o`qituvchisi M.Nurmetova tomonidan FACEBOOK ijtimoiy tarmog`ida maktab direktoriga nisbatan haqiqatga to`g`ri kelmaydigan yolg`on ma`lumotlarni tarqatib, unga ma`naviy zarar etkazganligi uchun sudga shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan.
Respublikamizdagi epidemiologik vaziyat taqozosi bilan sud jarayonlari orqaga surilib kelayotgan edi. Xorazm viloyati “yashil hudud”ga kiritilganidan so`ng sud jarayonlari bo`lib o`tdi va joriy yilning 5 iyun kuni sud yakuniga etib, o`z qarorini e`lon qildi.
Sud qaroriga ko`ra, da`vogar I.Kabulovaning javobgar M.Nurmetovaga nisbatan ma`naviy zararni undirish haqidagi da`vo arizasi qisman qanoatlantirildi. Javobgar M.Nurmetovaning qarshi da`vo talabi qanoatlantirishdan rad qilindi.
Bundan tashqari, maktab ma`muriyati fuqaro Tanya Ibragimova bilan suhbatlashish maqsadida uni akkauntidagi manzili bo`yicha izlab, Urganch davlat universiteti rektori B.Abdullaev nomiga so`rovnoma yuborgan. Urganch davlat universiteti rektoridan kelgan javob xatida esa T.Ibragimova ism-sharifli o`qituvchi mazkur universitetda faoliyat olib bormasligi ma`lum bo`lgan. Shuningdek, maktab ota-onalari orasidan ham mazkur ism-sharifli fuqaro aniqlanmadi.
Mazkur murojaatda keltirilgan o`qituvchilar tomonidan qo`yilayotgan elektron manzildagi postlarga Xorazm viloyat xalq ta`limi boshqarmasi tomonidan rasmiy munosabat bildirilib kelinmoqda.






