Koronavirus (Covid-19) infeksiyasi tarqalishing oldini olish hamda aholiga o`z vaqtida huquqiy xizmatlar ko`rsatishni ta`minlash maqsadida FHDYo bo`limlari ham o`z faoliyatini belgilangan ehtiyot choralariga amal qilgan holda olib borishmoqda. Aholining salomatligini muhofaza qilgan holda, karantin davrida FHDYo bo`limlari tomonidan Toshkent shahrida 3270 ta nikoh qonuniy qayd etildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi FHDYo organlari faoliyatida huquqni qo`llash amaliyotini muvofiqlashtirish va metodik ta`minlash bo`limi bosh maslahatchisi Sh.ESANOVA ma`lum qildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo`llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq, FHDYo organlari Davlat xizmatlari agentligiga o`tkazilgan.
Bunda FHDYo organlarining ishini tizimli nazorat qilish, malakali kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo`yish, huquqni qo`llash amaliyotini muvofiqlashtirish, «FHDYoning yagona elektron arxivi» axborot tizimini yuritish va FHDYo organlarining hududiy arxivlariga rahbarlik bo`yicha funksiyalar Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga yuklatildi.
Toshkent shahar hududida jami 15 ta FHDYo organlari, shundan 11 ta FHDYo bo`limlari, 4 ta nikoh uylari fuqarolarga huquqiy xizmat ko`rsatib kelinmoqda.
Aholiga huquqiy xizmat ko`rsatishda yanada qulayliklar yaratilib, xususan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohlanuvchi shaxslar tomonidan, hattoki dunyoning chet davlatida turib ham nikohga kirish haqidagi arizalarni onlayn tartibda yuborish imkoniyati yo`lga qo`yilganligi fuqarolarga har tomonlama qulay bo`ldi. Bu FHDYo bo`limidagi turli xil navbat kutishlardan xoli holda yoshlarning nikohni qayd etish tayinlangan muddatiga etib kelishlarini belgilaydi.






