Avval xabar qilinganidek, 18 iyun kuni Prezidentning “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-6010 sonli Farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan Majburiy ijro byurosi faoliyatidagi gaz va elektr uchun to`lovlarni qabul qilish vazifa va funksiyalari Energetika vazirligi zimmasiga o`tishi, ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan ko`rsatilgan qattiq maishiy chiqindilarni to`plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to`lovlarni undirish mexanizmini amal oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Xo`sh, Majburiy ijro byurosi bu boradagi vazifasini qanday uddaladi? Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida muhim o`rin tutuvchi kommunal soha muammolariga echim topish borasida ijobiy natijalarga erishildimi ?
Mazkur savolga Majburiy ijro byurosining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i Farrux Toshpulatov aniqlik kiritdi:
— Avvalo, ish faoliyatimizni boshlashda - ijro ishi, energiya resurslari bilan bog`liq barcha holatlar tizimli o`rganib chiqilib, tahlil qilindi.
Energiya resurslari va suv ta`minoti sohasida to`lov intizomini yanada mustahkamlashda prokuratura tizimida to`plangan tajriba va ijro intizomidan unumli foydalanildi.
Belgilangan vazifalar – energiya resurslari uchun to`lovlarning o`z vaqtida va to`liq undirish, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-toroj qilish holatlarini aniqlash, ularni bartaraf etish va oldini olish, shuningdek, sud hujjatlarining ijrosini so`zsiz ta`minlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga tatbiq etildi.
Shu bois, keyinchalik Byuro organlariga qattiq maishiy chiqindilar uchun majburiy to`lovlarni o`z vaqtida va to`liq undirish ham qo`shimcha vazifa sifatida yuklandi.
Qisqa vaqt ichida sud va boshqa organlar qarorlari ijrosini ta`minlash, energiya resurslari bo`yicha qarzdorlikni kamaytirish borasida ijobiy ko`rsatkichlarga erishildi.
Misol uchun: Byuro organlari tashkil etilganidan buyon hozirga qadar energiya resurslari, suv iste`moli va qattiq maishiy chiqindilar sohasida 94,3 trln. so`m undirildi (shundan elektr energiyasi – 45,8 trln., tabiiy gaz – 46,1 trln., ichimlik suvi – 1,9 trln., maishiy chiqindi – 0,4 trln.).
O`tgan davr ichida energiya resurslari va suv ta`minotidan noqonuniy foydalanish hamda talon-toroj qilinishi bilan bog`liq 1,2 trln. so`mlik zarar aniqlanib, 1046 ta jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Byuro faoliyatini boshlagan vaqtdan buyon dolzarb masalalardan biri
bu albatta noreal, ya`ni asossiz qarzdorliklar hisoblanishining oldini olish dolzarb masala edi. Bu yo`nalishda Byuro organlari faoliyatini boshlagandan hozirga qadar 1 trln. 344 mlrd. so`mlik noreal qarzdorlik bo`yicha 244 ta jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Muhimi – yurtdoshlarimizda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo`lish, to`lov intizomiga rioya qilish madaniyati shakllana boshladi.
Endilikda, ushbu vazifalar Energetika vazirligi tomonidan tizimli ravishda olib boriladi deb hisoblaymiz. Chunki keyingi yillarda ushbu vazirlikda bir qator ijobiy o`zgarishlar bo`ldi.
Energetika sohasini isloh qilish maqsadida «O`zbekenergo» AJda tubdan qayta qurish amalga oshirildi. "O`zbekenergo" AJ negizida uchta: "Issiqlik elektr stansiyalari", "O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari" va "Hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi. Ushbu qayta tashkil etishdan maqsad elektr energiyasini ishlab chiqarish, tashish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy usullariga o`tildi.
Shu o`rinda aholimiz yaxshi bilishi lozimki, Majburiy ijro byurosi zimmasidagi elektr, gaz va maishiy chiqindilar uchun to`lovlarni o`z vaqtida hamda undirib olish bo`yicha vazifalar - Energetika vazirligiga joriy yilning 01 avgust kunidan e`tiboran o`tkaziladi.
Bungacha bo`lgan davrda Majburiy ijro byurosi bu yo`nalishda o`z ishini davom ettiradi.
Demak, Majburiy ijro byurosi 1 avgust kuniga qadar - energiya resurslari, suv ta`minoti sohasida hamda qattiq maishiy chiqindilar uchun to`lovlarning o`z vaqtida va to`liq undirilishini ta`minlash, tarmoqlarga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish kabi vazifalarni amalga oshiradi.






