AsosiyJamiyat

Qoraqalpog`istonda yangi qo`mondon harbiy okrugdagi faoliyatini bolalar uyiga tashrifdan boshladi

'Qoraqalpog`istonda yangi qo`mondon harbiy okrugdagi faoliyatini bolalar uyiga tashrifdan boshladi'ning rasmi

Prezidentimiz farmoyishiga asosan Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni lavozimiga yangi tayinlangan polkovnik Farhodjon Shermatov harbiy okrugdagi faoliyatini Qoraqalpog`iston Respublikasining Taxiatosh tumanidagi Bolalar uyiga tashrifdan boshladi. Bu haqda Darakchi.uz ga Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo`lganlarga ko`mak berish, hayru sahovat, mehr-muruvvat ko`rsatish qoraqalpoq va o`zbek xalqlariga xos bo`lgan olijanob insoniy fazilatlardan sanaladi.

Harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni bolajonlarni oq yuvib, oq tarab, hech kimdan kam qilmay kamolga etkazayotgan Bolalar uyi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdi. Harbiy xizmatchilar ushbu dargohga har doim ko`mak berishga tayyor ekanini ta`kidladi.

Qo`mondonning mazkur muassasaga tashrifi kichik bayram konsertiga ulanib ketdi. Bolalar o`zlarining musiqiy chiqishlari bilan mehmonlarni olqishladi. Nukus garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazining harbiy orkestri jamoasi tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi kuy va qo`shiqlar, sho`x-shodon navolar barchani o`yinga chorladi.

Arxiv ma`lumotlariga ko`ra Bolalar uyiga 1944 yilda Nukus shahrida asos solingan. 1952 yilda esa muassasa Taxiatosh shahriga ko`chirilgan. Bolalar uyi asosan psixofiziologik rivojlanishi buzilgan bolalar uchun mo`ljallangan bo`lib, davolash-sog`lomlashtirish muassasasi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda Bolalar uyida 6 yoshgacha bo`lgan 30 nafar tarbiyalanuvchi etakchi mutaxassislar ko`magida voyaga etmoqda.

Harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan esdalik sovg`alari mehrga muhtoj qalb egalarining kayfiyatini ko`tarib, ularning quvonchiga yanada quvonch baxsh etdi.

    Boshqa yangiliklar