AsosiySiyosat

Senatorlar nima uchun Qonunni rad etishdi?

'Senatorlar nima uchun Qonunni rad etishdi?'ning rasmi

Oliy Majlis Senati beshinchi yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan navbatdagi masala – “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni ko`rib chiqildi.

Qonunning aksariyat normalari real hayotiy munosabatlarni to`g`ridan-to`g`ri tartibga solmasligi, ularning asosiy qismi to`liq ifodalanmaganligi, belgilangan tadbirlarning amalga oshirish mexanizmlari mavjud emasligi alohida qayd etildi.

Xususan, Qonunning 7-moddasida fuqarolar jamoat tartibini saqlashda ishtirok etganda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar bilan hamkorlik qilishi belgilangan bo`lsa-da, Qonunda ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari aks ettirilmagan.

Shu bilan birga, jamoat tartibini saqlashda ishtirok etuvchi shaxslarning reestri va uni yurituvchi organlar faoliyati bilan bog`liq masalalar nazarda tutilmagan hamda Qonunning 8-moddasida jamoat tartibini saqlashda fuqarolarning ishtirok etishi bilan bog`liq cheklovlar to`liq aks ettirilmagan.

Shuningdek, Qonunda fuqarolarning jamoat tartibini saqlashga ko`maklashish maqsadida jamoat tuzilmalari tuzish va ularning faoliyatida qatnashish, jamoat tartibini saqlashda yakka tartibda yoki jamoa bo`lib ishtirok etish bilan bog`liq shakllar bayon etilmagan.

Senatorlar Qonunning ayrim moddalarida fuqarolarning bevosita huquqlariga oid masalalarni ochib bermasdan, davlat organlari yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilab o`tilganligi hamda to`g`ridan-to`g`ri amal qilishi lozim bo`lgan qonun normalarining qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi yoki qonunda aks ettirilmasligi tor doiradagi idora manfaatlarini va qisqa muddatli maqsadlarni ko`zlashi mumkinligi qayd etildi.

Bundan tashqari, aksariyat hollarda ijtimoiy munosabatlar qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi qonunlarning maqomi kuchsizlanishiga, to`g`ridan-to`g`ri amal qiladigan qonunlarning yo`qligiga, masalalarni kompleks yondashmay tarqoq holda hal etishga olib keladi.

Qonun normalarini to`liq ochib bermaslik va amalga oshirish mexanizmlarini aks ettirmaslik huquqiy ziddiyatlar hamda suiste`molchiliklarni keltirib chiqarishi, byurokratik tartib-taomillarni kuchaytirishi, qonunlarni chetlab o`tishga qaratilgan ko`plab qarorlar qabul qilinishiga sabab bo`lishi mumkin.

Shu jihatdan senatorlar tomonidan Qonunni rad etish to`g`risida qaror qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar