Buxoro viloyati Peshko` tumanida joylashgan Bolalar va o`smirlar maktabida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o`rganish o`tkazilgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
O`rganish davomida, 2020 yil 17 iyun kuni Peshko` tuman Bolalar va o`smirlar sport maktabi direktori topshirig`iga asosan telegramm gruppasini yuritishga mas`ul bo`lgan xodim tomonidan murabbiylarga 2020 yil 18 iyun kuni maktabga soat 08:00 ga shanbalikka etib kelishlari bildirilgan.
Mazkur xabarga asosan, maktabning 43 nafar sport murabbiylari 2020 yil 18 iyun kuniobodonlashtirish ishlariga jalb qilininganligi aniqlandi. Shu sababli Bolalar va o`smirlar sport maktabi direktoriga O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga ko`ra 11 mln 150 ming so`m miqdorida ma`muriy jarima qo`llanildi
Peshko`dagi holat yuzasidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati ham rasmiy bayonot berdi. Vazirlik topshirig`iga asosan, Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi rahbari boshchiligidagi mas`ul xodimlar mazkur holatni o`rganish maqsadida Peshku tuman bolalar va o`smirlar sport maktabiga etib bordi.
Ma`lumki, Respublika Maxsus komissiyasi tomonidan pandemiya talablarining yumshatilishi natijasidabarcha «yashil» hududlaridagi bolalar va o`smirlar sport maktablarida sport seksiyalari va to`garaklari faoliyati qayta tiklanmoqda.
Pandemiya davrid sport maktabi to`liq ish faoliyatini to`xtatgan. Endilikda sport seksiyalari faoliyati qayta tiklanishiga tayyorgarlik ko`rish maqsadida ichki imkoniyatdan kelib chiqqan holda maktab jamoasi maktab hududlarini obodonlashtirish uchun ixtiyoriy ravishda shanbalikka taklif etilgan.
Mas`ullar tomonidan holat o`rganilgach, xodimlarga o`z faoliyatidan ortiqcha vazifa bergan Peshku tuman jismoniy tarbiya va sport bo`limi boshlig`i hamda tuman bolalar va o`smirlar sport maktabi direktoriga intizomiy jazo choralari qo`llanildi. Shuningdek, Buxoro viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig`iga bu kabi holatlar boshqa takrorlanmasligi yuzasidan qattiq ogohlantirish berildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi trenerlar va xodimlarning o`zboshimchalik bilan majburiy mehnatga jalb etilishini oldini olish maqsadida tizimdagi barcha tashkilot va muassasalarda tushuntirish ishlarini kuchaytiradi.






