Joriy o`quv yilida umumiy o`rta ta`lim muassasalarining 11-sinfini 451 053 nafar o`quvchi bitirib chiqqan bo`lsa, shulardan 6 901 nafari oltin va kumush medallariga loyiq deb topilgan. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligining axborot xizmati ma`lum qildi.
Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Rustam Karimjonov bir guruh iqtidorli bitiruvchilarning uylariga borib, oltin va kumush medallarni topshirdi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 fevraldagi «Umumiy o`rta ta`lim muassasalari va akademik liseylar bitiruvchilarini rag`batlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga asosan bitiruvchilarga medallar ta`lim muassasalarida tantanali ravishda topshirilishi lozim edi. Biroq joriy yilda mamlakatimizdagi karantin holatini inobatga olib, barcha hududlarda medallar bitiruvchilarga karantin qoidalariga rioya qilingan holda topshirilmoqda.
Eslatib o`tamiz, mazkur rag`bat 2019 yildan buyon o`quvchilarning ta`lim va tarbiyaga bo`lgan ishtiyoqini oshirish va ular orasida sog`lom raqobat muhitini rivojlantirish, iqtidorli o`quvchilarni qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish, ularning sifatli ta`lim olishga bo`lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida topshiriladi.






