Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda O`rta Chirchiq tumani 20 iyun holatiga «qizil» hudud, deb belgilandi. Bu haqda tuman hokimligi ma`lum qildi.
Toshkent shahri Bektemir tumanidagi vino zavodida ishlovchi 5 nafar o`rtachirchiqlik fuqaroda infeksiya aniqlangani bois, hozirda ularning xonadonlari qat`iy nazoratga olingan. Shuningdek, ular bilan muloqotda bo`lganlar ham tibbiy kuzatuv ostida.
Shuningdek, O`rta Chirchiqdagi 4 ta ichki ko`chalar karantinga yopildi. Ushbu ko`chalarda harakatlanish taqiqlandi.
Bundan tashqari, yo`l yoqalari va ko`zga ko`rinarli joylarga «qizil» hudud» belgilari o`rnatildi.
"Aziz yurtdoshlar!
Xavotirga o`rin yo`q. Barcha ehtiyot choralari ko`rilgan. Tumanda dezinfeksiya ishlari doimiy olib borilmoqda.
O`z uyimiz - eng xavfsiz hudud.
Zarurat bo`lmagan taqdirda tashqariga chiqmang. Karantin talablari va shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qiling!" - deyiladi xabarda.






