So`nggi haftalarda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining engil shakllari yoki kasallik alomatlarisiz o`tish holatlari ko`payganligini inobatga olib, shuningdek, Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining bu boradagi tavsiyalarini e`tiborga olgan holda fuqarolarning sog`lig`ini himoya qilish va xavfsizligini ta`minlash maqsadida maxsus komissiya tomonidan karantin shartlariga aytim o`zgarishlar kiritilmoqda.
Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq kuchaytirilgan sanitariya-gigiena nazoratini ta`minlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, supermarket va boshqa yirik do`konlarda sanitariya-epidemiologik nazorat kuchaytirilmoqda, ushbu ob`ektlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, har bir fuqaroning tana haroratini o`lchab, 37*S va undan yuqori bo`lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo`lgan holatda ushbu majmualarga kiritmaslik, ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo`lish talablari belgilanmoqda.
Fuqarolarning sog`lig`ini himoya qilish va xavfsizligini ta`minlash maqsadida supermarket va boshqa yirik do`konlarga kirishda ularni bepul qo`lqop bilan ta`minlash nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Maxsus komissiyaning qarori bilan Toshkent shahri mahallalarida blokpostlar qayta tiklanishi belgilandi.






