2020 yilning 23 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda “22 iyun kuni Termiz shahri “yashil” hududga o`tdi. Axborot xizmati tomonidan 21 iyun holatiga shaharni “qizil” hudud, deb ko`rsatib xalqni chalg`itayapsizlar”, degan mazmunda xabarlar paydo bo`ldi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati bu borada qoldirilgan murojaatlar yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi:
"Birinchidan, “kecha, 22 iyun kuni Termiz shahri ”yashil” hududga rasman o`tdi”, deb, shaharning “yashil” maqomga o`tganligini tasdiqlovchi manba sifatida uning havolasi keltirilibdi. Ushbu havola orqali manba bilan tanishsak, haqiqatdan ham aytilganidek, Termiz shahri “yashil hudud” ga kiritilgan. Ammo, manbadagi “epidemiologik vaziyat 2020 yil 20 iyun holatiga”, degan eslatmaga e`tibor qaratilmabdi-da?! Demak, “Kecha, 22 iyun kuni Termiz shahri ”yashil” hududga rasman o`tdi”, degan gap asossizdir.
Ikkinchidan, “Lekin siz bugun 21iyun holatiga post qoldiryapsiz? Xalqni chalg`ityapsiz”, deyilibdi. Ha, viloyat sog`liqni saqlash, shuningdek, sanitariya-osoyishtalik boshqarmasi tomonidan bugun, 23 iyun kuni taqdim etilgan ma`lumotda, 21 iyun holatiga viloyatning 8 ta hududi, shu jumladan Termiz shahri “qizil” hududga kiritilgan. Axborot xizmati tomonidan yoritilgan hududlarni toifalarga o`tkazilishi bo`yicha xabar esa ushbu ma`lumotga asoslangan.
Uchinchidan, hududlardagi epidemiologik vaziyat kun sayin, soat sayin o`zgarib turishini inobatga olsak, Termiz shahri 2020 yil 20 iyun holatiga “yashil”, 2020 yil 21 iyun holatiga “qizil” hududga kiritilishi tabiiy. Bu esa vakolatli tashkilotlar tomonidan belgilanadi. Agar hududlarda epidemiologik vaziyat bilan bog`liq vaziyat o`zgarib tursa, bugungi vaziyat avvalgisidan farqlansa buni__“e`tiborsizlik” yoki “xalqni chalg`itish”ga yo`ymang, — deyiladi hokimiyat izohida.






