Shu yil 8 iyun kuni Feysbuk ijtimoiy tarmog`ida Toshkent shahri Shayxontohur tumani xalq ta`limi bo`limi tasarrufidagi 299-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabida amalga oshirilayotgan pul yig`imlari to`g`risidagi yozishma e`lon qilingan edi. Bu xabar bo`yicha internet saytlarda maqola ham chop etilgandi. Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida tuman xalq ta`limi bo`limi tomonidan mazkur holat o`rganildi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar XTBB Matbuot xizmati.
O`rganishlar jarayonida 7 iyun kuni maktab o`qituvchilarining telegrammdagi guruhida ona tili va adabiyot fani o`qituvchisi Alieva Dilorom (pedagogik staji 18 yil, 2 toifali) maktabni obodonlashtirish ishlariga 50 ming so`mdan pul yig`lishi haqida haqiqatan ham yozganini aytdi.
Unga bunday topshiriq kim tomondan buyurilgani so`ralganda, u 62 yoshda ekanligi, pedagog xodimlar o`rtasida hurmatga sazovor bo`lib, mahalla fuqarolar yig`ini faoli sifatida shaxsiy tashabbus ko`rsatib, hech kimning buyrug`isiz maktabni obod qilish maqsadida shu ishni amalga oshirmoqchi bo`lganini bildirdi.
Shuningdek, maktabning matematika o`qituvchisi Atabaeva Mahfuza (pedagogik staji 16 yil, 2 toifali) hamda musiqa o`qituvchisi Aripova Muxlisa (pedagogik staji 13 yil, 2 toifali)lar bilan ham suhbat jarayonida shu narsa ayon bo`ldiki, yuqoridagilarni ta`kidlab, maktab ma`muriyati bilan kelishmasdan o`qituvchilar birlashib, o`z tashabbuslari bilan obodonlashtirish ishlariga o`z hissalarini qo`shishmoqchi bo`lishgan.
Maktab direktorining o`quv ishlari bo`yicha o`rinbosari Dilbar Husanova (pedagogik staji 25 yil, 1 toifali o`qituvchi) bugungi kungacha xo`jalik ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari bilan birgalikda obodonlashtirish ishlari amalga oshirib kelingan va o`qituvchi Alieva Dilorom ulardan bu tashabbusni amalga oshirishga ruxsat so`ramaganligini ta`kidladi.
2019-2020 o`quv yilida tumandagi barcha maktab direktorlari, jumladan, 299-maktab direktori Pattaxova Dilnora Mavlyanova O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210, 211-moddalari bilan XTB va tuman Adliya bo`limi tomonidan tanishtirilganligi haqida eslatib o`tildi.
Shunga binoan, o`zi rahbarlik qilayotgan maktabda asosiy e`tiborini ta`lim va tarbiyani tashkil etishga, o`qituvchilarni va boshqa jamoa a`zolari o`rtasida ham bu boradagi tushuntirish ishlarini olib borishi, o`qituvchilar va ularning ota-onalaridan turli ko`rinishdagi pul yig`imlari yig`maslikka va bu kabi illatlarni oldini olishga ogohlantirilgan edi va yana bir bor ogohlantirildi.
O`qituvchi Dilorom Alievaga esa 181-modda 1-bandiga binoan hayfsan berildi.






