31 may kuni 22 yoshli N.Q., Farg`ona shahar Yuksalish ko`chasida joylashgan I.Karimov nomli san`at saroyi ro`parasidagi yo`lning chetida harakatlanib ketayotgan vaqtida, shu erda it etaklab ketayotgan fuqaro voyaga etmagan E.K.(qiz), bilan o`zaro gap talashib janjallashganligi oqibatida, N.Q., qizning yuz qismiga qo`li bilan urib tan jarohati etkazgan. Natijada E.K., tan jarohati olib, shifoxonaga murojaat qilgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Sud-tibbiy ekspertizaning xulosasida, E.K.,ning tanasida “yuzining o`ng tomonidagi yumshoq to`qimalarini lat eyishi, pastki jag` suyagini o`ng burchagi sohasidan sinib siljishi” kabi jarohatlar aniqlanib, sog`liqning uzoq muddatga buzilshiga olib keladigan “O`RTAChA” og`irlikdagi shikastlar toifasiga kirishi ko`rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan 16.06.2020 yilda Farg`ona shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan fuqaro N.Q., ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi(qasddan badanga o`rtacha og`irlikdagi shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov xarakatlariga kirishilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo`lgan ya`ni “N.Q., o`zi bilan birga 30-40 nafar tanishlarini yig`ib kelganligi, N.Q., fuqaro E.K.,ga tan jarohati etkazgan vaqtida, ko`pchilik uni orqasida to`planib turganligi” kabi ma`lumotlar va jabrlanuvchi hamda boshqalarning barcha vajlari tergov jarayonida to`liq tekshirilib, huquqiy baho berilishi ta`minlanadi. Ushbu jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlarini har tomonlama to`la va xolisona o`tkazilishi Tergov departamenti tomonidan alohida nazoratga olindi.