Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Nosirbek Abdullaxanov Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutiga bolajonlarning samarali davolanishi uchun kerak bo`ladigan beshta infuzomat apparatini hadya qildi.
Ma`lumot o`rnida aytish mumkinki, infuzomat – bu bemorlarga uzoq muddatda dorilarning me`yorida yuborilishini ta`minlaydi. Ya`ni bemor uchun to`liq xavfsizlikni yaratadi. Uning yordamida shifokor ma`lum parametrlarni belgilaydi, xususan, preparatning dozasi, uni yuborish tezligi, infuziya vaqti.
Albatta, bunday xayrli ishlar shifokorlarga ancha engillik beradi, desak mubolag`a emas.
– Bizning bo`lim 25 o`ringa mo`ljallangan, – dedi 2-bolalar bo`limi mudiri Aripova Nazokat. – Albatta, bemorlarning davolanishi uchun davlatimiz tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ya`ni dori-darmon vositalari, tibbiy asbob-uskunalar berilyapti. Yana bir muhim jihatni ham alohida ta`kidlash joiz. Bo`limimizda 25 nafar bemor yotib davolansa, ulardan 15 nafarida infuzomat apparatiga ehtiyoj sezilardi. Sababi, 3 ta bunday apparat bor edi. Mana, bugun saxovatpesha inson, senator Nosirbek Abdullaxanov tomonidan yana 5 ta taqdim etildi. Bu nafaqat biz shifokorlarning ishini engil qildi, balki bolalarimizga ancha qulaylik yaratdi. Boisi, bolalar shu infuzomat orqali dori-darmonlarni bemalol olishadi.
Darhaqiqat, senatorlarning bu kabi ezgu ishlarda faolligi ularning chinakam ma`noda xalq bilan muloqot qilish hamda fuqarolar dardi bilan yashash va ularning tashvish-u muammolarini aritish asosiy vazifasi ekanligidan darakdir.






