Jizzaxda karantin sharoitida choyxonada o`tirgan yigitlarning kayfu safosi og`ir oqibatlarga sabab bo`ldi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qilmoqda.
Aniqlanishicha, 2020 yil 20 iyun kuni 28 yoshli S.E., sinfdoshining fotiha to`yini o`rtoqlari bilan birgalikda Jizzax shahridagi choyxonalarning birida nishonlaydi.
U erda sinfdoshlar spirtli ichimlik iste`mol qilishib, soat 23:00 da mast holatda choyxonadan chiqib uylariga tarqalishayotgan vaqtida, S.E., sinfdoshi 29 yoshli O.B., bilan o`zaro tortishib qoladi. Shundan so`ng, uning bosh qismiga qo`li bilan urib, tan jarohati etkazib, tun yarmidan og`ganda, 21 iyun kuni soat 01:00 da uni yashash xonadoniga tashlab ketadi.
O.B. olgan tan jarohatlari bilan qarovsiz qolgani sabab yashash xonadonida vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida, “marhum O.B.,ning o`limiga bosh miyaning shishib ketishi, bosh miya yumshoq pardasi ostiga qon quyilishi va yopiq miya jarohatlari sabab bo`lgan”ligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Jizzax shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o`limiga sabab bo`lgan qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. S.E., gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, prosessual tartibda ushlangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






