Kecha, 23 iyun kuni ijtimoiy tarmoqda “Maqsud Muzaffarovdan navbatdagi shedevr video... u gaiga tushdi” sarlavhasi ostidagi video lavha tarqaldi.
Videolavha O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB tomonidan o`rganildi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 28 may kuni belgilangan kunlik xizmat taqsimotiga asosan, 3-safarbarlik guruhi YPX katta inspektori O.Tursunov yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash maqsadida Qarshi shahar, A.Temur va I.Karimov ko`chalari kesishgan chorrahaga xizmatga jalb qilingan. YPX katta inspektori 28 may kuni soat 07:40 larda, Qarshi shahar, A.Temur ko`chasida xizmat o`tayotgan vaqtida, “Spark” rusumli, 70 Y 033 KA davlat raqam belgili transport vositasi haydovchisi A.Temur va I.Karimov ko`chalari kesishmasida o`rnatilgan svetoforning taqiqlovchi qizil chirog`ida orqaga qayrilib olib harakatlanib kelgan vaqtida inspektor haydovchini belgilangan tartibda to`xtatib, haydovchiga o`zini tanishtirib, sodir etgan qoidabuzarligi yuzasidan tushuncha berib, avtomashina boshqarishga oida tegishli hujjatlarini taqdim qilishini so`ragan. Shunda haydovchi o`zini M.Muzaffarov deb tanishtirib, YPX xodimidan kunlik xizmat o`tash to`g`risidagi dislokasiya ko`chirmasini ko`rsatishini so`ragan.
YPX katta inspektori O.Tursunov aynan ushbu chorrahaga biriktirilgani bo`yicha dislokasiya ko`chirmasini haydovchiga ko`rsata olmaganligi, unga Qarshi shahar hududi bo`yicha xaritani ko`rsatganligi ma`lum bo`ldi.
YPX katta inspektori, haydovchiga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablarini tushuntirishga harakat qilgan. Lekin, etarlicha bilimga ega bo`lmaganligi sababli ushbu Nizom talablarini to`liq etkazib bera olmagan.
YPX katta inspektori haydovchiga nisbatan “Yo`l harakati qoidalari”ning 31-bandida ko`rsatilib o`tilgan talablarni buzganligi uchun belgilangan tartibda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi IIV YHXBB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Xizmat tekshiruvi xulosasi bo`yicha qo`shimcha ma`lumot beriladi, deyilgan rasmiy munosabatda.






