Kecha, 24 iyun kuni Toshkent tumani “Qizg`aldoq” mahallasi hududidagi Zukko ko`chasi 78-uyda joylashgan “Hunarmand” oilaviy tadbirkorning bolalar mebel mahsulotlarini ishlab chiqarish sexida yong`in sodir bo`ldi. Bu haqda Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Olov sexga qo`shni bo`lgan Zukko ko`chasi 113-, 115-uylarga ham o`tgan.
Sodir bo`lgan yong`in haqidagi xabar 24 iyun kuni soat 00:56da Toshkent tumani Favqulodda vaziyatlar bo`limining 38-kasbiylashtirilgan yong`in-qutqaruv qismi dispetcherlik xizmatiga kelib tushgan. Soat 00:59da yong`in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga etib borgan.
Qutqaruvchilarning sa`y-harakati bilan sexning 600 metr kvadrat maydoni, 113-uyning 300 metr kvadrat maydoni va 115-uyning esa 300 metr kvadrat maydoni saqlab qolindi. Yong`in soat 01:25da o`rab olinib, soat 02:20da to`liq bartaraf etilgan. Yong`inni bartaraf etishga 7 ta yong`in-qutqaruv ekipaji jalb qilingan.
Yong`in natijasida tan jarohati olganlar va halok bo`lganlar yo`q. Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi barchadan yong`in xavfsizligi qoidalariga qat`iy rioya qilishni so`raydi.






