Urganch tumanida yashovchi M.A. ismli ayol 2020 yil 24 iyun kuni Xorazm viloyati IIB boshlig`i nomiga ariza bilan murojaat qilib, o`zining arizasida, 1998 yilda tug`ilgan qizining intim rasmlarini qo`lga kiritgan, Urganch tumanida yashovchi 1990 yilda tug`ilgan fuqaro Sh.R. ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu rasmlarni tarqatib yuborish bilan tahdid qilib, shu paytgacha 9 600 000 so`m miqdorida pul va qimmatbaho uyali telefonini olgan bo`lsada, yana 15 860 000 so`m miqdoridagi pulni tovlamachilik yo`li bilan talab qilayotganligini ma`lum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Mazkur murojaatni o`rganish uchun Xorazm viloyati IIB JQB Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir jarayonida Sh.R. talab qilingan summadagi pulni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Yigitlik g`ururini unutib, ayollarga nisbatan tovlamachilik qilgan ushbu shaxsga nisbatan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.