Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev bilan respublika miqyosidagi jurnalistlar, blogerlar va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida matbuot anjumani o`tkazildi.
Tadbirda ishtirok etgan "Darakchi" nashrining jamoatchi muxbiri Axror Ziyatovning xabar qilishicha, viloyat rahbari kirish so`zda barcha jurnalistlarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Matbuot anjumanida Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev barchani qiziqtirgan So`xdagi voqealar va viloyatdagi ishsizlik haqidagi savollarga javob berdi.
– Anklav hududda bo`lgan kishi albatta, uning muammolarini yaxshi biladi. Chashmadagi holatni So`x voqealari deb atalishiga qarshiman. Biz qirg`izlar bilan doimo do`st va inoq bo`lganmiz. Ayni kunlarda So`xda juda katta ishlar boshlangan. Birgina so`xlik yoshlarga oliy o`quv yurtlariga kirish uchun 500 ta kvota ajratilganligining o`zi ham katta voqeadir. Ertaga shu oliy ma`lumotli kadrlar tumanga kelib, mehnat qiladi. Taraqqiyotiga o`z hissasini qo`shadi. Tumanda hozirga qadar 2 ming 500 dan ortiq ishsizlarning bandligini ta`minlashga erishildi.
Ishsizlik har qadamda uchrashi mumkin. Hayotda birovga yukim tushmasin deydiganlar ham ko`p. Asosiysi, ish va daromad topish insonni o`ziga bog`liq. Yaqinda internetda Farg`ona viloyatida 84 mingdan ortiq ishsiz xotin-qizlar bor, degan xabar tarqaldi. Ammo bu hech qanday asosga ega emas. Ishsizlikni bartaraf etish bu kambag`allikni qisqartirish deganidir. Viloyatimizda har yili 60-65 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Demak, oldimizda katta vazifalar bor.
Matbuot anjumanida maddohlik haqidagi savolga ham javob berildi.
– Maddohlik bajarmagan ishni gapirishdir. Mani o`z prinsipim bor. Kam gapirib, ishda o`zini ko`rsatish kerak. Qaysidir ishni bajarib tashlayman degan va`dalarga ishonmayman. Barcha ishlar so`zda emas amalda bo`lishi kerak.