Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda tadbirkorlik va innovasion faoliyatni qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.
Hujjat bilan Sergeli tumanidagi kichik sanoat zonalarining (“Industrial park “Sergeli” kichik sanoat zonasi, “Xonobod” QFY) maqsadli parametrlarini hamda 2020-2021 yillarda qurilishi va rekonstruksiya qilinishi zarur bo`lgan Toshkent shahrining yo`l-transport infratuzilmasi ob`ektlarining ro`yxatini tasdiqlanishi ko`zda tutilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2020-2030 yillarga Toshkent shahrining yo`l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqib, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozimligi qayd etilgan.
Loyihada Toshkent shahrining Bektemir va Sergeli tumanlarining hududlaridan oqib o`tuvchi Chirchiq daryosi qirg`oq bo`yida umumiy uzunligi 656 kilometr bo`lgan piyodalar va velosipedlar yurish yo`llarini qurish ham belgilangan.
Hujjat bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 avgustdagi PQ–3895-son “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarorining 9-bandi bilan ko`zda tutilgan imtiyozlarni 2025 yil 1 yanvarga qadar uzaytirish ham nazarda tutilgan.
Shu bilan birga Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida bo`sh turgan va samarasiz ishlatib kelinayotgan inshootlar negizida “Ishbilarmonlik markazlari”ni tashkil qilish belgilanmoqda. Bu markazlar turli yo`nalishlar bo`yicha malakaviy o`quv kurslarini tashkillashtirish, band bo`lmagan aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash hamda xorijdan kelayotgan fuqarolarga moslashishda yordam berish yo`li bilan Toshkent shahrining band bo`lmagan aholisini ishga joylashtirishni ta`minlash vazifasini bajaradi.
Bundan tashqari Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent shahridagi "Inxa" universiteti filiallari va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida biznes-inkubatorlarni tashkil etish ham belgilanmoqda.






