Avval xabar qilganimizdek, bugun, 1 iyul kuni O`zbekiston Milliy matbuot markazida Andijon shahrida sodir bo`lgan voqea va bu borada olib borilayotgan tergov harakatlari yuzasidan axborot berishga bag`ishlangan brifing o`tkazildi.
On-line tarzda bo`lib o`tgan tadbirda Bosh prokuraturaning Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i HayotShamsutdinov ishtirok etib, mazkur yo`nalishda batafsil va ishonchli ma`lumotlarni berdi.
Keltirilishicha, 2020 yil 30 may kuni Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga Andijon shahar, Navro`z mahalla fuqarolar yig`ini, Salohiyat ko`chasida yashovchi fuqaro A.Abdukarimov tan jarohatlari bilan kelib tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilib, shu kunning o`zida Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-son ichki ishlar bo`limi xodimlariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish)bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Aniqlanishicha, fuqaro A.Sotvoldiev «Rubin» qimmatbaho toshini olib qaytarib bermayotgan A.Abdukarimovga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`rab ichki ishlar bo`limiga yozma ravishda murojaat qilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan tekshirish o`tkazayotgan Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-son ichki ishlar bo`limi jinoyat qidiruv guruhi 3 nafar tezkor vakillari, 2020 yil 29 may kuni soat 22-00 larda fuqaro A.Abdukarimovning yashash xonadoniga borib, o`zlariga qonun bilan berilgan vakolatlar doirasidan chetga chiqadigan harakatlarni qasddan sodir etgan.
Jumladan, ular A.Abdukarimovni avtomashinaga majburlab o`tkazib, 4-son ichki ishlar bo`limining ma`muriy binosiga olib kelishgan va yuqorida ko`rsatilgan qimmatbaxo toshni olganligi haqida iqrorlik ko`rsatuvi berishga majburlash maqsadida zo`rlik ishlatib bosim o`tkazgan.
Ular fuqaro A.Abdukarimovni 30 may kuni ertalab soat 06-00 ga qadar ichki ishlar bo`limida noqonuniy ushlab turib, uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar etkazgan.
A.Abdukarimovning sog`lig`i yomonlashib, hushini yo`qotganligi sababli, ichki ishlar bo`limidan Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga olib kelingan.
Ish bo`yicha o`tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma`lumotnomasida “A.Abdukarimovog`ir tan jarohati olganligi” ko`rsatilgan.
1 iyun kuni jinoyat ishi yuzasidan 4-son ichki ishlar bo`limi jinoyat qidiruv guruhi 3 nafar tezkor vakiliga Jinoyat kodeksining 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (Qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) hamda 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llash) bilan ayb e`lon qilinib, sud qarori bilan “qamoqqa olish”ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Jabrlanuvchi A.Abdukarimovga shifokorlar tomonidan barcha tibbiy yordamlar ko`rsatilgan bo`lishiga qaramasdan, u olgan og`ir tan jarohatlari oqibatida 11 iyun kuni vafot etgan.
Mazkur jinoyat ishi 16 iyun kuni Bosh prokuraturaning O`ta og`ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi ish yurituviga olingan.
Olib borilayotgan tergov harakatlari davomida 27 iyun kuni ushbu jinoyatga aloqador deb topilgan yana 2 nafar shaxs, ya`ni 4-sonli ichki ishlar bo`limi boshlig`i hamda mazkur bo`lim jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakiliga Jinoyat kodeksining 206, 227, 234hamda 235-moddalari bilan ayb e`lon qilinib, sud qarori bilan“qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Shu bilan birga, 4-sonli ichki ishlar bo`limi navbatchilik qismi navbatchi katta inspektoriga ham Jinoyat kodeksining 227-moddasi bilan ayb e`lon qilinib, unga munosib xulq atvorda bo`lish haqidatilxat extiet chorasi qo`llanilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Natijasi haqida qo`shimcha ravishda axborot beriladi.






