Bugun viloyat hokimi - viloyat maxsus komissiyasi raisi Zoyir Mirzaev ishtirokida koronavirus infeksiyasini viloyatimizga kirib kelishi va uni tarqalishini oldini olish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazildi va bir qator qarorlar qabul qilindi. Bu haqda Viloyat hokimligi Axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov xabar berdi.
Unga ko`ra:
*G`uzor tumanida avtotransport vositalarining harakatlanishi qat`iyan to`xtatiladi. (Tranzit orqali o`tib ketadigan yuk mashinalari bundan mustasno).
* Joriy yil 4 iyul kunidan G`uzor tumanida UZGTL loyihasi doirasida faoliyat ko`rsatayotgan zavodda ham karantin qoidalari kuchaytirilib, ishchi-xodimlardan tashqari mahalliy aholining kirish-chiqishi taqiqlanadi.
* "Sariq" toifaga o`tkazilgan Qarshi shahriga tumanlardan kirib kelayotgan avtotransport vositalariga ertalab soat 07-00dan 10-00 gacha harakatlanishiga ruxsat etiladi.
* G`uzor va Qarshi tumanlaridan kelib, Qarshi shahri va viloyatimiz tumanlarida ishlaydigan fuqarolar masofaviy (ish haqidan ajralmagan holda) ish tizimiga o`tkaziladi.
* Joriy yilning 4 iyul kunidan suv havzalari (daryo, soy, kanallar)da cho`milish va daryo bo`ylarida (ayniqsa, Kitob, Shahrisabz va Yakkabog` tumanlari tog`li hududlarida) hordiq chiqarish vaqtinchalik taqiqlanadi.
2020 yil 3 iyuldan viloyat maxsus komissiyasi qarori bilan koronavirus infeksiyasi qayd etilgan quyidagi hududlar “Yashil” toifadagi hududdan “qizil” toifaga o`tkazildi:
🔴 G`uzor tumani hududi;
🔴 Qarshi shahridagi ayrim mahallalar - "Mag`zon", "Qilichbek-Qo`rg`oncha", "Otchopar", "Qarlig`bog`ot", "Naxshab", "Xudoyzod", "Komilon", "Tabassum", "Kunchiqar", "Mustaqillik", "Istiqlol", "Sho`rtan";
🔴 Qarshi tumanidagi ayrim mahallalar - “Bog`obod”, “Guliston”, “Xonobod”, “Chorgumbaz”;
🔴 Koson tumanidagi "Quyiobron" mahallasi;
🟡 Qarshi shahar, Koson va Qarshi tumanlari “sariq” toifaga o`tkazildi. Shuningdek, Muborak, Kitob va Chiroqchi tumanlari "qizil"dan "sariq" hududga o`zgardi. (Shunday qilib, viloyatda "yashil" hududlar - 8 ta, "sariq" hududlar - 6 ta, "qizil" hududlar - 1 ta)
Bugundan boshlab yuqoridagi “qizil” va “sariq” toifaga kiritilgan hududlarda o`rnatilgan cheklovlar va karantin talablari qat`iy ravishda joriy etiladi.
Maxsus komissiya qaroriga ko`ra, “qizil” va “sariq” hududlarda soat 07-00dan 23-00ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq to`planish hamda 23-00dan 07-00ga qadar ko`chalarda, ko`p qavatli uylar va hovlilar oldida bo`lish taqiqlanadi. Bunda faqatgina fuqarolarning salomatligi yomonlashganligi, xomiladorligi munosabati bilan shifokor ko`rigidan o`tish uchun davolash muassasasiga yoxud zarur dori-darmon xarid qilish maqsadida dorixonaga borib-kelishiga ruxsat beriladi.
Mazkur cheklovlarga rioya etmaganlar, karantin talablarini buzgan deb hisoblanib, belgilangan tartibda ma`muriy javobgarlikka tortiladi.
Viloyat maxsus komissiyasining yuqoridagi qarorlari ijrosini so`zsiz ta`minlash, aholi salomatligini saqlab qolish maqsadida viloyat IIB, Milliy gvardiya va viloyat teleradiokompaniyasi hamkorlikda tashkilot va muassasalar, savdo va maishiy xizmat ko`rsatish ob`ektlari, umumiy ovqatlanish joylari, massaj salonlari, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o`yinlari markazlarida muntazam ravishda qo`shma reydlar o`tkazib boradi va qonuniy choralar ko`radi.
Ma`lumot uchun, avvalroq viloyatning Muborak, Chiroqchi va Kitob tumanlari "qizil" hududga kiritilganligi haqida xabar qilingan edi.