AsosiyJinoyat

2,5 milliard so`m davlat mablag`ini talon-taroj qilgan yo`lsozlarga jazo tayinlandi

Jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyati sudi tomonidan "Xorazmavtoyul" hududiy yo`llardan foydalanish tashkilotining mansabdor va moddiy javobgar shaxslari, tashkilot bilan hamkor bo`lgan xususiy korxonalar rahbarlari, shuningdek Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo`l jamg`armasi, viloyat davlat soliq  inspeksiyasi, AT "Asaka bank" viloyat filialining mas`ul xodimlariga nisbatan kuzg`atilgan jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Milliy xavfsizlik xizmati fosh etgan ushbu jinoiy guruhni "Xorazmavtoyul" HYFT direktori Sh.Ro`zmetov boshqarib kelgan.

Sh.Ro`zmetov korxona bosh muhandisi, ta`minot bo`limi boshlig`i, bosh hisobchisi, bosh mexaniklari, tuman yo`l xo`jaligi pudrat, ta`mirlash, foydalanish korxonalari rahbarlari bilan jinoiy til biriktirib, yo`l qurish, ta`mirlash, rekonstruksiya kilish uchun ajratilgan mablag`larni juda ko`p miqdorda talon-taroj qilib kelgan. Xususan, bajarilmagan ishlar, ko`rsatilmagan xizmatlar, etkazib berilmagan tovarlar uchun katta miqdordagi pullar "Biznes kapital fortuna", "Yangibozor grand savdo", "Xiva yo`l ta`mir qurilish", "Xorazm Jayxun qurilish ta`mir", "Hunarmand barakat gaz invest montaj" kabi MChJlar hisob raqamiga o`tkazilgan va naqdlashtirish orqali o`zlashtirilgan. Shu bilan birga yoqilg`i moylash maqsulotlari hamda ehtiyot qismlar sotib olish bo`yicha "Nexel lyuks", "Vodiy loyiha servis", "Mega fortuna savdo", "Globus industrii trayd", "Elit biznes impeks" MChJlar bilan shartnomalar tuzilgan va ularning hisob raqamiga shartnomada ko`rsatilgan 587 million so`mdan ortiq mablag` o`tkazib berilgan va MChJlar orqali naqdlashtirilib, talon-taroj qilingan.

"Urganch-Gurlan-Mang`it-Turkmaniston chegarasi" avtomobil yo`lining boshlang`ich qismidan 19-kilometrigacha bo`lgan ta`mirlash ishlaridan ham 305 million 948 ming sum mablag` hujjatlarni soxtalashtirish yo`li bilan o`zlashtirilgan. Bundan tashqari "Xorazmavtoyul" tashkiloti balansidagi 143 million so`mdan ortiq asfalt beton va sheben mahsulotlari jismoniy shaxslarga naqd pul evaziga sotib yuborilgan. Qurilish-montaj ishlaridan orttirilgan va tashkilot balansida bo`lgan asfalt mahsulotlari hisobidan fuqarolar uyi atrofi naqd pul evaziga asfaltlashtirib berilgan.

Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo`l jamgarmasi mutaxassisi B.Yo`ldoshev "Urganch-Gurlan-Mansht-Turkmaniston chegarasi" avtomobil yo`lini ta`mirlash jarayonida aniqlangan kamchiliklarni yashirish evaziga jinoiy guruh, a`zolaridan 11 million so`m hamda 1 500 AKSh dollarini pora tariqasida olgan. Shuningdek, hujjatli taftish o`tkazishga jalb qilingan Urganch shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimi R.Yo`ldoshevga 3 ming AQSh dollari, AT "Asaka" bank Xorazm viloyati filiali bosh mutaxassisi R.Xajievga 2500 AQSh dollari, sobiq Urganch shahar prokurori M.Ollaberganovga 11 ming AQSh dollari miqdorida pora berib kelingan. Bundan tashqari, 417 mln so`mlik soliq va boshqa majburiy to`lovlar qasddan to`lanmagani, sudda isbotlandi.

Tergov davomida yo`l qurilishi uchun ajratilgan davlat mablag`larining 2,5 milliard so`mdan ortig`i ushbu jinoiy guruh tomonidan talon-taroj etilgani ma`lum bo`ldi. Etkazilgan zararning 1,8 milliard so`mi aybdor shaxslar tomonidan qoplandi.

Sh.Ro`zmetov jinoiy yullar bilan topilgan daromadlariga Xiva tumanida ikki qavatli hashamdor uy kurgani, unga kurilish materiallarining barchasi uzi rahbarlik kilib kelayotgan tashkilot xisobidan sarflangani, shuningdek, 3 ta kimmatbaxr avtomashina sotib olgani aniqlandi va sudda isbotini topdi.

Ushbu jinoyat ishi buyicha ayblangan 39 nafar sudlanuvchi O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topildi va tegishli jazolarga hukm qilindi.

 

    Boshqa yangiliklar