AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 2 ta yashirin "jihodchilar" guruhi faoliyatiga chek qo`yildi. Tergov boshlangan

'O`zbekistonda 2 ta yashirin "jihodchilar" guruhi faoliyatiga chek qo`yildi. Tergov boshlangan'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida o`tkazgan tezkor tadbirlari natijasida jami a`zolari 25 nafar bo`lgan ikkita yashirin «jihodchilar» guruhi faoliyatiga chek qo`yildi, deya xabar bermoqda O`zA.

Guruhlarning biri 2019 yilning may oyida tashkil etilib, unga etakchilik qilgan shaxs o`tgan yilning noyabr oyida Suriya davlatidagi «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qo`shilgan.

Ikkinchi guruh esa muqaddam ekstremizm va terrorizm bilan bog`liq jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o`tab chiqqan fuqaro tomonidan tuzilgan.

Dastlabki surishtiruv jarayonlarida ma`lum bo`lishicha, birinchi guruh a`zolarining aksariyati hozirda Suriyadagi jangarilar safida bo`lgan o`z etakchisi bilan internet orqali muntazam ravishda aloqa qilib turgan.

O`zaro yig`inlarda guruhlar a`zolari diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar g`oyaviy rahnamolarining, jumladan, «Abu Saloh», «Abdulloh Zufar», «Sodiq Samarqandiy»larning «hijrat» va «jihod» qilish to`g`risidagi audio-video ma`ruzalari hamda da`vatlarini tinglab, «Jihodchilar» oqimi g`oyalarini o`z atrofidagilarga targ`ib qilib kelishgan.

1968-2002 yillar oralig`ida tug`ilgan mazkur shaxslarning 3 nafari avval ekstremizm va terrorizm bilan bog`liq jinoyatlar sodir etganliklari uchun javobgarlikka tortilgan bo`lsalarda, qilmishlaridan to`g`ri xulosa chiqarishmagan.

Ta`kidlash lozimki, mazkur guruhlar a`zolari orasida xususiy nashriyot rahbari, tibbiyot xodimi, arab tili kursi o`qituvchisi, umumiy ovqatlanish muassasalari ishchilari va tijorat ishlari bilan shug`ullanuvchi shaxslar bor.

Har ikki guruh a`zolarining yashash manzillarida o`tkazilgan tintuv tadbirlari davomida 200 dan ortiq norasmiy diniy adabiyotlar va varaqalar, shuningdek, kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon, flesh-karta va DVD disklar borligi aniqlanib, ularda saqlanayotgan ma`lumotlarni ekspertizadan o`tkazish uchun prosessual tarzda rasmiylashtirilib olindi.

Hozirda Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o`tish lozimki, O`zbekiston Oliy Sudining qarori hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mitaning xulosalariga ko`ra, «Abu Saloh», «Abdulloh Zufar», «Sodiq Samarqandiy»larning ma`ruzalari aqidaparstlik g`oyalari bilan yo`g`rilganligi va mamlakatimizdagi konstitusion tuzumni qonunga xilof tarzda o`zgartirishga qaratilganligi bois, ularni respublikamiz hududiga olib kirish, saqlash va tarqatish taqiqlanadi hamda Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy javobgarlikka sabab bo`ladi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar