1

"Namangan tajribasi": 55 ming ish o`rni qanday yaratiladi? Mas`ul bilan suhbat

Jamiyat 06.07.2020, 11:23
"Namangan tajribasi": 55 ming ish o`rni qanday yaratiladi? Mas`ul bilan suhbat

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning mamlakatimizdagi kambag`allikka qarshi kurashishga qattiq bel bog`lagani hech birimizga sir emas. 26-27 iyun kunlari Namangan viloyatiga qilgan tashrifi yakunida ham viloyatdagi kambag`allik darajasini kamaytirish uchun bu yil 55 ming ish o`rinlari yaratish kerakligi bo`yicha topshiriq bergan edi. Bu kichik ko`rsatkich emas. Prezident topshirig`i asosida Namangan viloyatida 55 ming ish o`rinlari qanday yaratiladi? Bu haqda investisiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o`rinbosari Aziz Voitov “Namangan tajribasi” misolida mavzuga batafsil sharh beradi.

ISh NIMADAN BOShLANADI?

Eng avvalo, viloyat tumanlarining qaysi sohada va qaysi yo`nalishda “iqtisodiy o`sish nuqtasi” borligini aniqlab olinadi. Namangan viloyatida tumanlarning ixtisoslashuvi asosida ishni tashkil qilish ko`zda tutilmoqda. Investisiya dasturi doirasida ishchi guruh tuzilgan bo`lib, ular tumanlardagi holatni tahlil qilib, har bir tumanning kuchli va zaif tomonlarini o`rganadi. Kuchli tomonlarni kuchaytirish, zaif tomonlarni yo`qotish uchun qanday harakatlar qilish kerakligi bo`yicha 3 yilga mo`ljallangan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

YIRIK TADBIRKORLARNI MOLIYaLAShTIRISh ORQALI AHOLI DAROMADINI OShIRILADI

Birinchi yo`nalish kooperasiya tamoyili asosida tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish bo`lib, 157 ta yangi loyiha orqali 18,4 ming nafar aholini ish bilan ta`minlash ko`zda tutilgan. Bunda Andijon viloyati tajribasidan kelib chiqqan holda, yirik tadbirkorlar moliyalashtiriladi va ular kasanachilarni ish bilan ta`minlaydi. Masalan, charm sohasini olsak, tadbirkor 100-200 ta xonadonni xomashyo bilan ta`minlaydi, buyurtma beradi va qayta ishlangan mahsulotni o`zi yana sotib oladi. Yoki chorvachilik bilan shug`ullanuvchi yirik tadbirkorga kredit beriladi. U yuzlab xonadonga sog`in sigir etkazib beradi hamda sut ishbilarmon tomonidan sotib olinadi va qayta ishlanadi. Qisqasi, yirik sanoat tarmoqlari orqali aholi daromadini oshirish, fuqarolar xonadoniga kirib borish maqsad qilingan. Mazkur loyihalar to`quv-trikotaj, hunarmandlik, issiqxona xo`jaliklari, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, bog`dorchilik, zargarlik, echkichilik, yog`ochsozlik kabi yo`nalishlarda amalga oshiriladi.

FAQAT KREDIT BERISh BILAN KIFOYaLANILMAYDI

Tadbirkorlarga banklar orqali xizmatlar paketini taqdim etish ko`zda tutilmoqda. Investisiya kompleksidagi 3 ta bank – Milliy bank, Asaka bank, Sanoatqurilishbank orqali kichik biznesni rivojlantirish uchun xizmatlar paketi taqdim etiladi. Ya`ni tadbirkorga shunchaki kredit tutqazish emas, unga biznes reja bo`yicha yordam ko`rsatiladi, o`zi yo`lga qo`ymoqchi bo`lgan yo`nalish bo`yicha o`qitiladi va yo`l-yo`riq ko`rsatiladi. Evropa tiklanish va taraqqiyot bankining tadbirkorlarni o`qitish dasturi bor. Shunga tadbirkorlarni jalb qilgan holda ularga biznesni boshqarish ko`nikmalari ham o`rgatiladi. Kompleks tarkibidagi tijorat banklari tomonidan o`z mijozlarini “paketli” qo`llab-quvvatlash tizimi orqali mijozlarning har biriga individual tarzda yondoshiladi, bunda:

  • g`oya kerak tadbirkorlar yangi investision g`oyalar va loyihalar bilan ta`minlanadi;
  • o`qitish kerak bo`lgan tadbirkorlarga yangi bilim va ko`nikmalar beriladi;
  • loyihasini amalga oshirishi uchun mablag` zarur bo`lgan tadbirkorlarga etarli miqdordagi resurslar bilan ta`minlanadi.

Asosiy maqsad, oddiy aholini – tadbirkorga, tadbirkorni – kichik yoki o`rta biznes sub`ektiga, o`rta biznes sub`ektini – yirik korxona yoki klaster darajasiga olib chiqish hisoblanadi. 

EKSPORTGA KO`MAKLAShILADI

Viloyatning muammosi shundaki, bu erda 670 tacha bog`dorchilik korxonalari mavjud. Ammo ular xorij bilan bevosita ishlay olish darajasida emas. Aytaylik, Moskvadagi «Magnit» kabi yirik supermarketlarga mahsulotini etkazib bera olmaydi. Bu muammoni hal qilish uchun maxsus tizim tashkil etilmoqda va unga ko`ra 13 ta yirik eksporterlar tanlab olindi. Ular bog`bonlardan hosilni yig`ib oladi va qayta ishlab, xorijga etkazib beradi. Vazirlik qoshida eksportni rag`batlantirish agentligi bor. Bu agentlik tadbirkorlarga sertifikatlar sotib olishga yordam beradi. Tadbirkor sertifikatga ega bo`lgach, supermarketlar tarmog`iga to`g`ridan-to`g`ri mahsulot etkazib bera oladi.

EChKIChILIK HAM RIVOJLANTIRILADI

Namangan viloyatining Pop va Chusttumanlarida tarixanechkichilik rivojlanganligini inobatga olib, klaster usulida echkichilikni rivojlantirish choralari ko`riladi. Unga ko`ra yungi qayta ishlanadigan 50 mingta angor echkisi Namanganga olib kelinadi va klaster tashkil etiladi. Yung qayta ishlanib, oxirgi tayyor mahsulot olinadigan tizim yaratiladi. Echkilarni tadbirkorlarning o`zi boqadi. Shuningdek 3 500 ta oilaga echki tarqatish ham ko`zda tutilgan. Ular ishlab chiqaradigan yung klaster tomonidan qayta sotib olinadi va xom-ashyo sifatida foydalaniladi. Bu bilan 5,9 mingga yaqin ish o`rni yaratiladi.

TRIKOTAJ SOHASI BRENDLAShTIRILADI

O`sish nuqtalaridan yana biri trikotaj sohasi hisoblanadi. Namanganda bu soha juda yaxshi rivojlangan. Lekin endi bularning barchasini brendlashtirishga ehtiyoj mavjud. Bu borada ikkita yo`l bor — milliy brendni rivojlantirish yoki dunyo brendlari bilan hamkorlikni yo`lga qo`yish. Ayni vaqtda xorijiy kompaniyalar bilan ish olib borayotgan mahalliy tadbirkorlar va “Iftixor” hamda “Ideal” kabi milliy brendlar mavjud. Mana shu milliy brendlarni rivojlantirish orqali to`qimachilik sohasida 3,2 trln so`mlik 193 ta loyihalar amalga oshirish hisobiga 20 ming 699 ta yangi ish o`rinlari yaratish rejalashtirilmoqda.

XORIJDAGI VATANDOShLARGA PULI BOR SARMOYaDOR SIFATIDA QARALMAYDI

Viloyatni kompleks rivojlantirish maqsadida xorijdagi vatandoshlarning salohiyatidan ham o`rinli foydalanish nazarda tutilgan. Endi ularga shunchaki puli bor sarmoyador sifatida qaralmaydi, balki intellektual bilim olish va hamkorlik qilish rejalashtirilgan. Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi dilomatik vakolatxonalar bilan birgalikda “oltin daftar” reestri ishlab chiqilgan. Vatandoshlar bilan muloqot olib borish natijasida viloyatni rivojlantirish masalalari bo`yicha kelishish ko`zda tutilgan. Namangan viloyatida xorijdagi vatandoshlar ishtirokida umumiy qiymati 247 mln dollar bo`lgan 17 ta loyiha amalga oshirilib, 1,9 mingta ish o`rni yaratilishi kutilmoqda.

QAERGA MUROJAAT QILINADI?

Bu bo`yicha “Loyihalar fabrikasi” tashabbusi amalga oshiriladi. Har bir viloyatda shunday fabrika tashkil etiladi. Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlik qilinadi va hamkorlik qilayotgan banklar (Milliy bank, Asaka bank, Sanoatqurilishbank) vakillari birgalikda har bir tumanni o`rganadi. Ularning ishi targ`ibot qilishdan ham iborat.Masalan, Chortoq tumani o`rganildi va alohida mobil ilova hamda sayt ishlab chiqildi. Istalgan kishi loyihalar fabrikasiga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek biznes boshlashni maqsad qilgan, ammo nima qilishni bilmayotgan tadbirkorlar ham bor. Ularga biznes rejalar ishlab chiqish, er kerakmi yoki xorijiy banklar bilan aloqa qilish kerakmi — barcha sohada yordam berish ko`zda tutilgan.

Sardorbek Rahmonqulov suhbatlashdi

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1