1

Sudlarda integrasiya tizimi joriy etilsa, da`vo arizalari bir necha oy emas, bir necha kunda ko`riladi

Jamiyat 06.07.2020, 11:38
Sudlarda integrasiya tizimi joriy etilsa, da`vo arizalari bir necha oy emas, bir necha kunda ko`riladi

Joriy yilning 30 iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida odil sudlovni ta`minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida sudlarda adolat mezonini yanada kafolatlash masalasiga alohida to`xtalib o`tildi...

Xususan, Yurtboshimiz odil sudlov xalqning ko`z o`ngida, ochiq-oshkora amalga oshirilib, adolat qaror topishi lozimligini ta`kidlab o`tdilar.

Bugungi kunda odil sudlovni odamlarni ovora qilmasdan, xalqni rozi qilgan holda olib borish sudlar oldida turgan asosiy masala desak mubolag`a bo`lmaydi.

Prezidentimiz o`z ma`ruzalarida bugungi globallashuv va axborot texnologiyalari jadal rivojlanishi davrida elektron tizimni sudlar faoliyatiga keng tadbiq etish, xususan integrasiyalash lozimligi haqida taklif berdilar.

Biz sudyalar ushbu taklifni qo`llab-quvvatlagan holda quyidagi fikrlar bilan bu taklifni asosli ekanligini halqimizga ma`lum qilmoqchimiz: 

Sudlar faoliyatiga integrasiyani yo`lga qo`yilishi, avvalo fuqarolarni ortiqcha ovora qilmagan holda odil sudlovni olib borilishi, kelgusida xalqning roziligi bilan bir qatorda, mamlakatimizda qonun ustuvorligini yanada ta`minlashga xizmat qiladi.

Sudlarda fuqarolik ishlarini ko`rish jarayonida sudyalar tomonidan bir nechta idoralarga turli xil so`rovnomalar yuborish orqali da`vo talabiga aniqlik kiritilib, odil sudlov ta`minlanadi.

Hozirgi kunda fuqarolik sudlarida turar joy, mehnat, bitimlar, zarar undirish va boshqa bir qator nizolarni ko`rishda turli idoralarga qog`oz shaklda so`rovnomalar yuboriladi.

Masalan, birgina fuqaro ro`yxatda turgan joyida yashamasa, uning qaerda ekanligini aniqlash uchun turli idoralarga (7-8 ta) sud tomonidan so`rovnomalar yuborilishi lozim.

Shuningdek, ko`chmas mulk bilan bog`liq fuqarolik ishlari nizoli mulkning kimga tegishli ekanligi xususida kadastr organlariga, agarda nizo ko`smas mulk shartnomasi bilan bog`liq bo`lsa, notarial idoralariga so`rovnomalar yuboriladi. 

O`z navbatida so`rovnomalarni qabul qilib olgan tashkilotlar bir necha varoqdan iborat javob xatlarini qog`oz shaklida sudga taqdim etishga majbur bo`ladi. Shuningdek, ushbu so`ronomalarning sudga taqdim etilishi pochta orqali bir necha kunga cho`zilishi mumkin.

Agarda fuqarolik sudlarida integrasiya tizimi joriy etilib, kadastr, notarius, migrasiya, davlat xizmatlari agentligi, FHDYo arxivi va boshqa tashkilotlar bilan elektron hujjat almashinuvini joriy etilsa, sudlarga kelib tushgan da`vo arizasini bir necha oylik vaqt davomida emas, balki bir necha kunda ko`rib chiqish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, sud idoralari va turli tashkilotlarda qog`oz tejalishi, pochta harajatlarining oldini olinishi byudjet xarajatlarini qisqartirishga ham olib kelishi muqarrar.

Sud idoralarida elektron hujjatlar almashinuvini turli idoralar bilan yo`lga qo`yilishi kelgusida fuqarolarni ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo`yish bilan bir qatorda, sud va boshqa idoralarda ish yuklamalarining kamayishga ham xizmat qiladi.

Bir so`z bilan aytganda, sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini yanada joriy etishning asosiy vazifalaridan biri sudlar faoliyatining ochiqligini, shaffofligini va tezkorligini ta`minlash, sudlarda ish yuritish sifatini va aholining odil sudlovga erishish darajasini oshirishdan iborat bo`lishi lozim.

Sherzod RAJABOV, Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudi raisi         

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1