1

IIV: “Nomer aniqlovchi” nomli zarar keltiruvchi virusli dasturdan ogoh bo`ling!

Jinoyat 06.07.2020, 14:15
IIV: “Nomer aniqlovchi” nomli zarar keltiruvchi virusli dasturdan ogoh bo`ling!

Shu yil 13 iyun kuni Toshkent shahar, Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro M.A. Ichki ishlar vazirligi portaliga ariza bilan murojaat qilib, 12 iyun kuni soat 19:00larda “Telegram” messenjeridan “Uydagi_Yulduzlar” @Fan club Miz #Uyda QOLING” (@fan_club_miz) deb nomlangan kanalga kirgani va ushbu kanalga joylangan NET NOMER ANIQLOVCHI.APK faylni yuklab olganidan so`ng uyali telefoni “blok” holatiga tushib qolganligini bildirgan. Shundan so`ng qurilmani “blok” holatidan ochish uchun +99890-200-xx-xx abonent raqamiga “Paynet” to`lov tizimi orqali 10.000 so`m pul mablag`lari tushirilishi haqida xabar keladi. Arizachi ushbu pul mablag`larini o`tkazganidan keyin ham telefon apparati “blok” holatidan chiqmaganligini ma`lum qilib, mazkur dasturni tarqatgan shaxsni aniqlab, unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.

Mazkur holat yuzasidan IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan dastlabki tergov oldi tekshiruv harakatlari davomida fuqaro M.A. “HUAWEI TAG-L21” smartfoni tekshirib ko`rishlik uchun olinib, undagi dastur ko`chirib olingan va tekshirib ko`rishlik uchun “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasiga taqdim qilingan.  “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasining dasturiy texnik ekspertiza xulosasiga ko`ra, ushbu telefon apparati “Telegram” messenjeridagi “Uydagi_Yulduzlar” @Fan club Miz # Uyda QOLING” (@fan_club_miz) nomli kanalda tarqatilgan NET NOMER ANIQLOVCHI.APK dasturi zarar keltiruvchi virusli dastur ekanligi ko`rsatib o`tilgan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida, “Telegram” messenjeridagi “Uydagi_Yulduzlar” @Fan club Miz # Uyda QOLING” (@fan_club_miz) nomli kanal Namangan viloyati, To`raqo`rg`on tumanida yashovchi, hozirda Namangan madaniyat ixtisoslashtirilgan maktabi o`quvchisi, 2001 y.t. fuqaro M.J.ga tegishli ekanligi aniqlandi.

4 iyul kuni Namangan viloyati, To`raqo`rg`on tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan fuqaro M.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-6-moddasi 1-qismi (Zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma`lumot uchun: O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-6-moddasida (Zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish) uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1