AsosiyJamiyat

Yuragimda saqlaganlarim: “Otangning puli kuysin, bolam...”

Taqdir bizni o`zining turli chig`irig`idan o`tkazib sinab ko`radi. Sinovlar ba`zida zalvorli, goh engil keladi. Ular ichida eng og`iri esa farzand dog`idir. Bugungi hikoya  qahramoni bo`lmish jizzaxlik Go`zal Yorbekova aynan shu dard haqida ko`zlarida yosh bilan yozib yuborayotganini ma`lum qilgan...

Itoatgo`ylik, bosiqlik, muloyimlik menga sut bilan kirgan bo`lsa kerak. Albatta, bolaligimdan mendan ko`ra sho`x va quloqsiz singlim oldida maqtovni juda ko`p eshitardim.

  • Go`zal juda esli-da. Jim o`tirishini qarang. Birov bilan ishi ham yo`q, — derdi kelgan odam borki menga imo qilib.
  • Ha, bu chaqaloqligida ham beziyon edi. Emardi, uxlardi, — derdi onam bunga javoban.

Hali maktabni bitirmasdan turib onamning qanotidan kirdim. Non yopishni o`rgandim, ovqat pishirishni gardanimga oldim. Sigirni-ku, beshinchi sinfda o`qib yurgan chog`larimda ermak bilan sog`ib o`rgangandim. Xullas, dugonalarim o`ynab-kulib yurgan chog`larida men bemalol ro`zg`orni eplaydigan bo`lib qolgandim. Maktabdan kela solib, quloqsiz singil va ukalarim to`zitib yuborgan uyni yig`ishtirishni, ro`zg`or yumushlarini bitta qoldirmay qilishni o`z vazifam deb bilardim. Shuning uchunmi, bora-bora darslarni o`zlashtirishim sustlasha boshladi. Men chiroyli non yopganim, palovni zo`r damlaganim, sigirni vaqtli sog`ganim sari bolalik majburiyatlarini unutib borardim.

  • Qizim sen yaxshi o`qirding-ku! Nega tashlab qo`yding? O`qishga kirish niyating yo`qmi? — deya o`qituvchilarim har kuni gapirishardi.

Menga esa yutuqlarim, eshitayotgan maqtovlarim  muhimroqdek edi. Sababi, qo`shnilar ichida ham men haqimda duv-duv gap yurardi:

  • Go`zal yopgan nonlarni ko`rdingizmi? Men shunaqa yopolmayman. Mushtdekkina bo`lib, bir non yopibdi-i-i...
  • Anuv kuni chiqsam, palov damlayotgan ekan. Guruchlari “o`rmalab” yuribdi. Qaerdan o`rgangan? Kelin qilgan odam yolchirkan-da!

Men haqimdagi gaplar qo`ni-qo`shnilar og`zidan mahallaga, butun qishloqqa yoyildi. Eng birinchi o`qituvchilarim e`tiroz bildirishdi:

  • Bunga hozirdan ro`zg`or yumushlarini tashlab qo`ymang. To`g`ri, yordam bersin, ammo butkul bo`yniga olib, darslarini unutsa, oxiri nima bo`ladi? Eng bilimli o`quvchilarimizdan edi. O`qishga kiradi, deb yurardik...
  • Voy, kim bunga o`qimasin, debdi? O`zi-da, ro`zg`orga yopishgani-yopishgan. Uy ishlariga qiziqadi-da! Bo`lmasa men qil, demayman... — dedi onam bunga javoban.

Qarang, o`zim ham o`shanda kelajagimni o`ylamagan ekanman. Ro`zg`or yumushlari shu darajada domiga tortibdiki, hatto, hujjat ham topshirib ko`rmabman o`qishga. Xayolimda o`qishga ketsam uy qarovsiz, yumushlar bajarilmay  qoladigandek tuyulibdi.

  • O`zida qiziqish yo`q-da, — deb qo`ygandi onam o`shanda.

Hali kollej degan gaplar bo`lmagani bois, birdan uyimizga sovchilar yopirildi. Bir kunda ikkita-uchta kelgan kunlari ham bo`lardi.

  • Namuncha sovching ko`p? — ishonqiramasdi dugonalarim. — Pismiqlanib yurib, hamma yigitlarga ko`z qisib chiqqanmisan, deyman...

Aslida meni so`rayotganlar, husnim uchun emas, vazminligim va ro`zg`or yumushlarini ko`ngildagidek eplashim uchun so`rab kelishayotganini hamma bilardi.

Ana shunday so`ratganlar ichida turmush o`rtog`im ham bor edi. Past bo`yli, ko`zlari qisiq, qoradan kelgan, bir qarashda har qanday kishini o`zidan itaradigan bu yigitga men ham tegishni istamasdim. Axir juda ko`rimsiz va qo`pol edi u. Lekin ko`rinishining aksi o`laroq u juda uddaburon va mehnatkashligi sabab o`sha paytdanoq  ikkita mashinaning egasi edi. Damas avtomashinasi bilan kira qilar, shuning ortidan topgan pullariga olgan “lasetti”sini esa to`ylarda kelin-kuyovlarni aylangani olib chiqib daromad topardi. Shu choqgacha hamma sovchilarga rad javobini berayotgan onam negadir unga kelganda meni qistovga oldi:

  • Ko`ngil qo`yganing yo`qmi? Birortasiga va`da bermaganmisan?
  • Yo`-o`-o`q, — dedim boshimni ko`tara olmay.
  • Bo`lmasa, shu bolaga beramiz seni...
  • Yo`q, unga tegmayman, — dedim birinchi marta onamga gap qaytarib. Bundan o`zim boshqacha bo`lib ketdim.
  • Nega? — onam ham quloqlariga ishonmadi shekilli, qaytadan og`zimga tikildi.
  • Xunuk...
  • Chiroyiga non botirib ermiding? Yigitning chiroyini nima qilasan? Uning yonida sen go`zal bo`lib yursang, qaytanga atrofingda parvona bo`ladi. Qara, pulni pulga urib, daromad qiladi u. Kelajagi bor. Hech narsadan kaming bo`lmaydi. Baxtli bo`lasan! Husn faqat to`y kuni kerak. Lekin pul odamzodga har kuni kerak bo`ladi...

Bu kabi gapi gaplarni naq yarim soat tingladim va onamning shundan o`zgaga berish niyati yo`qligini angladim. Boshqa qarshi gap aytmadim ham. Fe`limdagi bosiqlik, vazminlik bunga yo`l qo`ymadi. Shu bilan maktabni bitirganimga ikki oy bo`lmay to`yim bo`ldi.

To`y o`tib, boshqa ro`zg`orga singisha boshlaganimdan keyingina erimning nega bu qadar uddaburonligini angladim. U o`zi topayotgan pulining bir so`mini ham ro`zg`orga sarflamas ekan. Pul topadi, yig`adi. Eyish-ichishi ota-onasining hisobidan. Hatto, bir oyda bir bo`lsin, bir kilo go`sht ko`tarib kelmaydi. Buning ortidan har kuni uyda janjal.

  • Menga bir tiyinlik foydasi bo`lmasa boshimga uramanmi, bu temirlaringni? — alam bilan deydi qaynotam.
  • Bolam, hech bo`lmaganda bir xalta un ola kel, — ortidan gapirib qoladi qaynonam.
  • Nima men sizlarga? Ro`zg`or sizlarniki! O`zlaringiz eplashtirib o`tiringizlar! Men “kaptiva”ga pul yig`yapman. Kelin-kuyovlar hozir “kaptiva”ga o`tiryapti... — deydi erim bez bo`lib.

U hatto boshqorong`iligimda menga bir kilo olma olib kelib bermagan. Shunday bo`lsa-da, nolimadim, norozi bo`lmadim. Ko`ndim. Tabiatim shunday. Hamma narsaga tez ko`nikib, o`rganishib ketaveraman. Yana o`ta itoatgo`yligim sabab, bosh ko`tarib qarshi gapira olmayman ham.

Shu holda yashab uch farzandni dunyoga keltirdim. Bu orada  mashinalarimiz soni uchtaga etdi. Albatta, erim o`zi aytganini ola olmadi. O`rniga boshqasini oldi.

  • Mashinada yashamaysizlar-ku! Er ol, uy qur endi... — nasihat qildi qaynotam.
  •  Nega men olarkanman? Uyni siz qurib berishingiz kerak! — dedi erim yana yuzi qattiqlik qilib.

Uylanadigan yana bitta qaynukam borligi sabab, qaynotam yana biz uchun qayg`ura boshladi. Olti sotix er olib, ikki xonagina uy qurdirdi. Bitishi bilan bizni ko`chirib chiqardi ham. Ana shundan keyin og`ir kunlar boshlandi. Hovlida uchta mashina, uyimiz bir ahvoldi, qornimiz och, ustimiz yupun...

  • Shuncha mehnat qilib topgan pulimni ro`zg`orga sarflashga ko`zim qiymaydi-da, — deydi erim ota-onasining g`amxo`rligiga o`rganib qolgani bois.

Bu orada yana mening bo`yimga bo`lib qoldi.

  • Oldirib tashla! Shungayam pul ketadi hali... — dedi erim joni ketadigandek.

Uydagilarning maslahati, ko`magi bilan kenja o`g`limni ham dunyoga keltirdim. Homiladorligimda yaxshi emaganim, keyin ham bolam sutga to`ymagani bois bir yoshgacha rosa kasal bo`ldi. Lekin biror marta do`xtirga olib bormadik.

  • Do`xtirga qani, pul? Bor, ikki yuz so`m bersang, Oydin momo kinna solib qo`yadi, — derdi erim har gal.

Oxirgi marta bolaginamning elkasidan yara chiqdi. Sira qaytay demadi. Dori-darmon qilinmasa, qayoqdanam qaytsin? Menam hadeb qaynonamning, onamning yoniga boraverishga iymandim. Oydin momo nos bosdi, irim-sirimini qildi. Afsuski, yaraga mikrob tushib qonga o`tib ketgan ekan, dilbandiming issig`i tushmay qoldi. Oxiri, xushidan ketar darajaga kelgach, erim shifoxonaga olib bordi. Etar-etmas bolajonimning joni uzildi. Men ado bo`ldim. O`sha ondan boshlab shuncha vaqtdan buyon yuragimda saqlab yurganlarim isyon bo`lib otilib chiqdi. Erimning yoqasidan oldim:

  • Siz o`ldirdingiz! Siz uchun pul — bola! Pul — oila! Pul — ro`zg`or! Yashamayman! Sizdek boylikning quli bilan yashamayman!

O`sha kuni dilimda borini to`kib soldim. Bolamni bag`rimga bosib to`yib-to`yib, aytib-aytib yig`ladim.

  • Seni qaratmagan, sendan pulini afzal bilgan dadangning dastidan do-o-od bolam! Sen o`lguncha, dadangni o`sha pullari kuyib kul bo`lsa bo`lmasmidi... Xudo senga dard berguncha pulni ustun qo`yganlarga dard bersa bo`lmasmidi... Endigina atak-chechak qilayotgan bolamdan, endigina “oyi” deyotgan bolamjonimdan ayrildim! — deya baqirdim.  

Shu-shu onam uyimdaman. Yuragim yonadi. Hech bu olov o`chay demaydi. Erim har kuni keladi. Aytishicha, bitta mashinasini sotibdi, uyni boshqatdan chiroyli qilib qurarmish, sigir sotib olarmish, bolalarimiz sut icharmish...

Endimi? Bir bolamni qora tuproqqa berib bo`lgachmi?

Ado bo`lyapman, ichim nurab tushayotgandek, yuragim kulga aylanayotgandek... Ayting yaxshilar, nima qilsam, dardim biroz engillashadi?

KAMINA oqqa ko`chirdi

    Boshqa yangiliklar