Jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudida sudlanuvchilar Qahramon Otaqulov (1979 yilda Buxoro viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ direktori), Odil Kabilov (1963 yilda Namangan viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ Namangan viloyat filiali direktori), Xushvaqt Turdiev (1973 yilda Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ ta`sischisi), Musurmon Aliqulov (1970 yilda Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ o`quv ishlari bo`limi direktori), Anvarjon Shamshiddinov (1983 yilda Namangan viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ Namangan viloyat filiali ish yurituvchisi), Orifjon Jo`raev (1983 yilda Namangan viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ Namangan viloyat filiali g`aznachisi), Mavluda Otajonova (1969 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ hisobchisi), Ra`no Nuralieva (1976 yilda Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ kadrlar bo`limi inspektori), Kang Nam Kyu (1968 yilda Koreya Respublikasida tug`ilgan, muqaddam sudlangan, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ hamkori) va Jolol Xidirov (1987 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlanmagan, vositachi) ga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud jarayoni bo`lib o`tmoqda.
Sudlanuvchi Q. Otaqulov va boshqalar O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqdalar.
Ish hujjatlariga ko`ra, sudlanuvchi Q. Otaqulov va boshqalar O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishga yolg`on va`dalar berib, “Korean and migrations” xususiy bandlik agentligi” MChJ ga kelib murojaat qilgan fuqarolarning juda ko`p miqdordagi pul mablag`larini qo`lga kiritishib, ushbu pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.
Ushbu jinoyat ishi bo`yicha 2 372 jabrlanuvchi va 4 fuqaroviy da`vogarlar mavjud.
Ayblov xulosasi bo`yicha moddiy zarar miqdori 24,2 mlrd. so`m bo`lib, shundan dastlabki tergov mobaynida 13,3 mlrd. so`m miqdorini bartaraf etish chorasi ko`rilgan.
Hozirgi kunda sud tergovi o`tkazilib, sud jarayoni davom etmoqda.
Shu o`rinda ta`kidlash joizki, ushbu jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchi sifatida o`tayotgan shaxslar o`z vajlarini ijtimoiy tarmoqlarda emas, balki qonunga itoat etgan holda sud majlislari davomida keltirishlari lozim.