AsosiyJamiyat

Bemorlar soni ko`paygani uchun Jizzaxda karantin tartiblari kuchaytirildi

'Bemorlar soni  ko`paygani uchun Jizzaxda karantin tartiblari kuchaytirildi'ning rasmi

Jizzax viloyatida so`nggi kunlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar soni ortib borayotganligi tufayli ayrim tumanlar «qizil» toifali hududlar tarkibiga kiritildi. Shu munosabat bilan viloyat hokimi E.Soliev Jizzax shahrida karantin choralarini kuchaytirish to`g`risida qaror qabul qildi.

Qarorga muvofiq, Jizzax shahriga kirish va chiqishni nazorat qilish uchun qo`shimcha yo`l patrul xizmati stasionar postlari va blok postlari tashkil etildi. Shaharga kiruvchi va chiquvchi shaxslarda koronavirus infeksiyasi alomatlarini aniqlash bo`yicha majburiy tibbiy nazorat o`rnatildi.

Jizzax shahridagi «Yoshlar shaharchasi», «Istiqlol» va «O`rda» ekologik istirohat bog`lari faoliyati to`xtatilsin va fuqarolarning bog` hududiga kirishi ta`qiqlandi. Shaharda avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz kunning muayyan vaqtida 07.00 dan - 10.00 gacha va 17.00 dan - 20.00 gacha harakatlanishiga ruxsat etildi.

Shuningdek, qaror bilan Jizzax shahrida soat 07.00 dan 23.00 ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq to`planish hamda ko`chalarda, ko`p qavatli uylar va hovlilar oldida bo`lish taqiqlandi. Bunda faqatgina fuqarolarning salomatligi yomonlashganligi munosabati bilan shifokor ko`rigidan o`tish uchun davolash muassasasiga yoxud zarur dori-darmon xarid qilish maqsadida dorixonaga borib-kelishiga shaxsiy transport vositasiga ruxsat beriladi.

Jizzax shahridagi «Markaziy dehqon» hamda «Eski shahar dehqon» bozorlari, savdo majmualari kirish chiqish joylarida fuqarolarning tana haroratini o`lchash uchun tegishli mutaxassislar bilan ta`minlagan holda pirometrlar va antiseptik vositalar bilan ta`minlanishi belgilandi. Jizzax shahriga boshqa hududlardan kirib kelayotgan barcha transport vositalari, tovar va yuklar majburiy ravishda dezinfeksiya qilinadi.

Davlat idoralari va tashkilotlarida fuqarolar hamda tadbirkorlik sub`ektlari vakillarini qabul qilish, ularga davlat va boshqa xizmatlarni ko`rsatish imkon qadar «onlayn» rejimga o`tkaziladi.

Qarorda qurilish-ta`mirlash ishlarida ob`ektlarning hududi to`liq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bilan birgalikda ob`ektlarda sanitariya-gigiena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi hamda tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiena qoidalariga to`liq rioya qilish, o`z faoliyatini faqatgina tegishli ob`ekt hududi doirasida tashkil etish belgilandi.

Jizzax shahridagi barcha savdo shoxobchalari, choyxona, restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish joylari, sartaroshxona va go`zallik salonlari hamda o`quv kurslari faoliyati karantin tadbirlari tugagunga qadar to`xtatiladi.

Viloyat ichki ishlar, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, davlat xavfsizlik xizmati, milliy gvardiya boshqarmalariga karantin davrida jamoat tartibini saqlash choralarini kuchaytirish topshirildi.

    Boshqa yangiliklar