1

Zominda yuziga niqob taqib, qo`liga pichoq tutgan kelin eridan qasd olmoqchi bo`ldi

Jinoyat 07.07.2020, 14:17
Zominda yuziga niqob taqib, qo`liga pichoq tutgan kelin eridan qasd olmoqchi bo`ldi

Xalqimiz bejizga "Jahl kelganda, aql qochar" demagan. Agar Husnora (ism-shariflar o`zgartirilgan) shu maqolga amal qilganda, umid bilan bir yostiqqa bosh qo`ygan turmush o`rtog`ining joniga qasd qilmagan, unga pichoq o`qtalib, tan jarohati etkazmagan bo`lardi. Aslida biror inson alamini olish uchun u kim bo`lishidan qat`iy nazar boshqa bir insonga pichoq o`qtalishga, uning umriga zomin bo`lishga haqli emas... Husnoraning bunday qaltis jinoyatga qo`l urishiga nima sabab bo`ldi? 

Husnora (ayblanuvchi):

- Turmush o`rtog`im Mahmud Toshtemirov bilan 2018 yilning 5 oktyabr kuni qonuniy nikohdan o`tib, turmush qurdik. Erim bilan munosabatimiz yaxshi edi, faqat ilk kunlardanoq qaynona-qaynotam bilan kelisha olmadim. Ular meni ro`zg`or yumushlarida no`noqlikda ayblashardi. Oxirgi paytlarda janjal kuchayib ketdi. Erim ota-onasining gapiga kirib, men bilan urishadigan odat chiqardi. Bir necha marotaba qizlik uyimga arazlab ketdim, ammo kelajakda turmushim yaxshi bo`lib ketishiga umid qilib, qaytib keldim. Aksiga olib, oradan bir yil o`tsa-da, homilador bo`la olmadim. Erim bilan kasalxonaga tekshiruvga borganimizda, shifokorlar Mahmud akada kuchli shamollash borligini, bu narsa menga ham o`tganini aytishdi. Uyga qaytganimdan keyin mazam bo`lmay, yotib qoldim. Qaynonam "Menga kasal kelin kerak emas, uyingga borib, davolanib kel", deb ota-onamning uyiga jo`natib yubordi. Ayni shu kunlari singlimning to`yi bo`layotgani uchun u erda bir oycha qolib ketdim. Shu bir oy mobaynida mendan na erim, na qaynona-qaynotam xabar oldi. Erim hatto qo`ng`iroq ham qilmadi. Bundan juda ruhan siqildim va nima qilishni bilmay, alam bilan kelinlik uyimga yo`l oldim. Vaqt allamahal bo`lgani uchun hovlida hech kim yo`q, hamma uxlab yotardi. Sekingina yotoqxonaga kirdim, u erda turmush o`rtog`im hech nima bo`lmagandek xotirjam uxlab yotardi.Uning bemalol uxlab yotishini ko`rib, g`azabdan ko`zimga qon quyuldi... 

Mahmud Toshtemirov (jabrlanuvchi):

Aslida Husnoraning o`zi "Meni davolatishni istamasanglar, ota-onam davolatadi", deb hech kimdan ruxsat so`ramay, achchiq qilib, ketib qoldi. Uning bu qilig`idan mening ham, ota-onamning ham jahli chiqdi. Shuning uchun undan hech kim xabar olmadi. 2019 yilning 4 dekabr kuni kechasi yotoqxonada uxlab yotgan edim. Endi ko`zim ilinganda, ustimga birov chiqqandek og`irlashib ketdim. Avvaliga "Bosinqirayapman, shekilli", deb kalima qaytardim. Lekin shunda ham ustimdagi sharpa yo`qolmaganini ko`rib, o`rnimdan turishga harakat qildim. Ko`zlarimni katta ochganimda, ustimda yuziga niqob taqqan, qo`liga pichoq ushlab olgan ayol o`tirardi. U qo`lidagi pichoqni bir necha marotaba tanamga sanchdi. Qo`rqib ketganimdan og`riqni ham his qilmay, ayolni itarib tashladim. Sakrab turib, chiroqni yoqmoqchi bo`ldim. Aksiga olib, chiroq ham yonmadi. Keyin ortimga qaytdim-da, uning qo`lini qayirib, erga yotqizdim, pichoqni olishga harakat qildim. So`ng "dada", deb baqirdim. Shu orada dadam yugurib kirdi, men undan chiroqni yoqishni so`radim. Chiroq yongach, ayolning yuzidagi niqobni yulib oldim... Ne ko`z bilan ko`rayki, u rafiqam Husnora ekan. O`sha paytda yaralanganimni sezmadim, dadamga "Negadir elkam muzlayapti", dedim. Dadam elkamdan qon oqayotganini ko`rib, baqirib yubordi. Uning ovoziga katta akam ham yugurib keldi. Ular ikki kishilashib, Husnoraning qo`lini bog`lashdi. Mazam qochganligi uchun meni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishdi.

Hayot uchun xavfli, og`ir shikast etkazilgan

O`tkazilgan qo`shimcha sudga oid tibbiyot ekspertizasining bergan xulosasiga ko`ra, M.Toshtemirovning tanasidagi tan jarohatlari, ya`ni – o`ng ko`krak qafasi orqa yuzasi sanchib kesilgan jarohati,7-qovurg`a birikkan joyidan o`ngdan kesilib ketishi,plevra bo`shlig`iga o`tish jarohati o`tkir kesuvchi sanchuvchi predmetlar bilan etkazilgan bo`lishi mumkinligi va og`irlik darajasiga ko`ra, hayot uchun xavfli bo`lgan og`ir shikastlar toifasiga kirishligi ko`rsatilgan. 

Hukm o`qildi...

Sud jarayonida Husnora Toshtemirova erini o`ldirish niyati bo`lmaganligini aytib, engillik so`radi. Aslida uning niyati jiddiy bo`lmaganda yuziga niqob tutib, pichoq bilan qurollanib, yarim kechasi yashirincha kirib kelarmidi?

Sud barcha holatlarni hisobga olib, Toshtemirova Husnoraga O`z.R.JKning 104-moddasi, 2- qismi "v" bandi bilan 5 (besh) yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi. Ammo Husnoraning ayol ekanligi, muqaddam sudlanmaganligi, yoshligi va tuman xotin qizlar qo`mitasining kafolatlari inobatga olinib, unga tayinlangan jazo O`z.R.JKning 72-moddasini qo`llagan holda shartli hisoblanib, 3 (uch) yilga sinov muddati belgilandi. 

Jinoyat ishlari bo`yicha Zomin tuman sudining raisi Shavkat ShAMShIEV,

 Jurnalist Lola ShOIMOVA. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1