1

Mashinalarning 11 mln so`mlik tonirovka narxi 2 mln 230 ming so`m bo`lishi mumkin

Jamiyat 07.07.2020, 15:39
Mashinalarning 11 mln so`mlik tonirovka narxi 2 mln 230 ming so`m bo`lishi mumkin

Ma`lumki, O`zbekiston geografik jihatdan nisbatan issiq hududda joylashgan. Shu bois, so`nggi paytlarda jamoatchilik tomonidan engil avtotransport vositalari oynalarining qoraytirish (tonirovka) bilan bog`liq amaldagi tartib yuzasidan ko`plab e`tirozlar, fikr va takliflar bildirilmoqda.  Ana shu e`tirozlarni inobatga olib deputatlar tonirovka narxini pasaytirish taklifi bilan chiqishdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev ma`lum qilmoqda

"O`rganishlar shuni ko`rsatadiki, odatda yilning issiq mavsumida havoning yuqori harorati va quyoshning jazirama issig`i haydovchi va transportdan foydalanuvchilar uchun keskin noqulaylik tug`diradi. Natijada, fuqarolarning iqtisodiy faolligi va mehnat samaradorligi 1 foizdan 15 foizgacha pasayishiga olib kelishi mumkin ekan.  

Tonirovka  esa avtomobil ichidagi havo haroratini 60 foizga kamaytirib, sovutish tizimining normal ishlashiga sharoit yaratadi hamda haydovchi va transport foydalanuvchilariga issiq mavsumda qulaylik yaratiladi. Bu esa o`z navbatida fuqarolarning iqtisodiy faolligi va samaradorligi oshishiga ijobiy ta`sir ko`rsatib, mamlakat iqtisodiga qo`shimcha o`n millionlab dollar foyda keltirishi mumkin (Bugungi pandemiya sabab inqirozda bu biz uchn ayni muddao emasmi?)

Bundan tashqari, olimlar fikricha quyosh nurlari ostida uzoq bo`lish va harkatlanish ham inson terisining quruqshab, qarib borishiga, terida dog`lar paydo bo`lishiga, ko`zning to`rpardasi zararlanishiga hamda teri saratoniga sabab bo`lishi mumkinligi o`z isbotini topgan. Sifatli tonirovka esa insonlarni quyoshning tik nurlaridan saqlash va ultrabinafsha (UV) nurlarining xatarli ta`siridan himoyalashda 99%gacha samara beradi.

Tahlillardan kelib chiqib aytish mumkinki, issiq mavsumda tonirovkadan foydalanishga ruxsat berish iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan davlat uchun ham fuqarolar uchun ham foydalidir. Ammo amaldagi tartibga ko`ra belgilangan to`lov miqdorlari tonirovkaga haqiqatda ehtiyoji bo`lgan ko`plab haydovchilarga qimmatlik qilmoqda.  

Modomiki hukumat tonirovka uchun belgilangan to`lovlarni butkul bekor qilishni istamas ekan, hech bo`lmasa to`lovlarni arzonlashtirish, engillashtirish orqali kompromis qilishi kerak. Tonirovkadan foydalanish tartibiga biroz bo`lsa ham ijtimoiy tenglik va adolat prinsipini singdirish lozim.

Shuni hisobga olib, yilning issiq mavsumida (1 maydan 30 sentyabrgacha, chunki asosan shu paytda tonirovkaga real ehtiyoj seziladi) BHMning 10 baravari miqdoridagi to`lov evaziga (manga qolsa bepul bo`lishi kerak, lekin shunisiga ham ko`pchilik rozi hozir)   avtotransport vositasining orqa (100%) va old yon (30%) oynalari tonirovka qilishga ruxsat berish tartibini joriy qilish maqsadga muvofiq.

Bu bo`yicha o`z taklif va tahlillarimizni hukumatga ham yubordik. Umid qilaman takliflarimizga mas`ul idoralar  befarq bo`lmay, o`rganib chiqadilar hamda inobatga oladilar. Chunki har mavsumda milliardlab qo`shimcha tushum, iqtisodiy faollik va mehnat samaradorligini o`sishi, yangi ish o`rinlari davlat iqtisodiga ijobiy ta`sir ko`rsatsa, jismoniy qulaylik va sog`liqqa xavfli nurlanishdan himoyalanish fuqarolar talablarini qondiradi", - deyiladi deputatning ijtimoiy tarmoqagi sahifasida. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1