Qishloq joylarida bajarilgan kadastr ishlari uchun qanday haq to`lanadi? Kadastr xizmatlari uchun haq to`lashda fuqarolarning ayrim toifalari uchun imtiyozlar bormi?
Rahim Ko`charov, Toshkent viloyati
To`lqin Abdullaev, O`zbekiston Respublikasi Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari:
- O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 iyuldagi "Kadastr hujjatlarini tayyorlash bo`yicha davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish to`g`risida"gi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat xizmatlari narxlarini to`g`ri qo`llanishi tartibiga ko`ra, umumiy maydonni aniqlashda ularning huquqiy maqomidan qat`i nazar, inventarizasiyadan o`tkazilayotgan er uchastkasida joylashgan barcha imoratlar va inshootlarning umumiy maydoni hisobga olinadi.
Yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan kadastr hujjatlarini texnik inventarizasiyadan o`tkazish va rasmiylashtirish bo`yicha davlat xizmatlari narxlarini belgilash tartibiga asosan qishloq joylardagi maydoni 100 kv.m.dan ortiq bo`lgan yakka tartibdagi turar joylar uchun kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun belgilangan to`lovning eng ko`p miqdori eng kam oylik ish xakining bir baravari miqdorida belgilangan. Bunda qishloqlar, ovullar ko`zda tutilgan.
Kadastr xizmatlari uchun haq to`lashda aholining ayrim toifalari uchun imtiyozlar belgilanmagan.