1

Aktuar va moliyaviy matematika» magistratura mutaxassisligi bo`yicha kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yiladi

Jamiyat 08.07.2020, 21:56
Aktuar va moliyaviy matematika» magistratura mutaxassisligi bo`yicha kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yiladi

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining xabariga ko`ra, bugun, 8 iyul kuni Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 maydagi «Matematika sohasidagi ta`lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori ijrosiga bag`ishlangan videoselektor o`tkazildi.

Videoselektorda oliy ta`lim muassasalari rektorlari va matematika kafedralari mudirlari ishtirok etdi.

Bugungi kunda respublikada 21 ta oliy ta`lim muassasasida 12 000 nafardan ortiq talaba matematika yo`nalishida tahsil olmoqda, 53 ta oliy ta`lim muassasasida matematika sohasi bo`yicha 79 ta kafedra faoliyat ko`rsatmoqda.

Qisqa muddatda Qoraqalpog`iston Respublikasida, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti hududiy bo`linmalari tashkil etildi.

Vazirlik huzurida O`zbekiston va xorijda faoliyat olib borayotgan olimlardan iborat «Matematiklar kengashi», «Matematika kafedra mudirlari kengashi»ni tashkil etish choralari ko`rilmoqda.

2020/21 o`quv yilidan boshlab «Mexanika va matematik modellashtirish», «Matematik injiniring (ishlab chiqarish sohalari bo`yicha)» bakalavriat ta`lim yo`nalishlari hamda «Aktuar va moliyaviy matematika» va «Moliyaviy matematika» magistratura mutaxassisligi bo`yicha kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yiladi.

Videoselektorda O`zMU, SamDU, BuxDU, UrDU, NamDU, QQDU rektorlarining matematika sohasini rivojlantirish, matematika kafedralarining Matematika instituti bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.

Videoselektor yakunida respublika oliy ta`lim muassasalariga matematika ilm-fani va ta`limini rivojlantirish masalasi yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berildi hamda boshqa tashkiliy ishlar muhokama qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1