Bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda byudjet tushumlarini so`zsiz ta`minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Pandemiyadan kuchli bo`lib chiqishning birdan bir yo`li – kichik biznes va tadbirkorlikka qulay muhit yaratish, dedi davlatimiz rahbari.
Murakkab sharoitga qaramay, ushbu sohani har tomonlama qo`llab-quvvatlash bo`yicha zarur choralar ko`rilmoqda, lekin ba`zi hududlarda bu boradagi ishlar qoniqarli emasligi ta`kidlandi.
Karantin talablarining yumshatilishi natijasida korxonalar faoliyati tiklandi. Biroq 69 mingta tadbirkorning faoliyatini jonlantirish kerakligi, joylardagi rahbarlar 9 oy yakuni bo`yicha ularning kamida 70 foizini, yil yakuniga qadar to`liq quvvat bilan ishlashiga mas`ul va javobgarligi belgilandi.
Mamlakat miqyosidagi mutasaddilarga hududlarga borib tushumi kamaygan korxonalar bilan tizimli ishni yo`lga qo`yish vazifasi yuklatildi.
Yig`ilishda ta`kidlanganidek, tadbirkorlar karantin qoidalariga amal qilishda sanitariya va yong`in xavfsizligi idoralari tomonidan tushunarsiz va bir-biriga zid talablarga duch kelmoqda. Shu bois, tadbirkorlarning murojaatlari va takliflari asosida joriy tartiblarni qayta ko`rib chiqib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tushunarli shaklda aholiga etkazish topshirig`i berildi.