AsosiyJinoyat

Farg`onada mahalla raisini haqorat qilgan deputat qamaldi

'Farg`onada mahalla raisini haqorat qilgan deputat qamaldi'ning rasmi

Farg`ona viloyati Toshloq tumani ma`muriy sudi tomonidan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan M.Zokirovaga, 40-moddasi (tuhmat) va 41-moddasi (haqorat qilish) bilan A.Toshmatovga hamda 41-moddasi (haqorat qilish) bilan O.Haydarovaga nisbatan yuritilgan ma`muriy ish ko`rib chiqildi.

Afsuski, ularning orasida mahalliy kengash deputati ham bor. A.Toshmatov ayni paytda xalq deputatlari Toshloq tuman kengashining deputati hamda «Toshloq dehqon bozori» mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari.

Ish holatiga ko`ra, tumandagi «Xo`jaariq» mahalla fuqarolar yig`ini raisi M.Zokirova joriy yil 24 mart kuni yig`in ma`muriy binosi oldida savdo qilib o`tirgan O.Haydarovani mahalla binosiga kirish eshigini sotuvdagi buyumlari bilan to`sib qo`yganidan g`azablangan. Uni kiyim-kechaklarini tepib tashlab, uyatli so`zlar bilan so`kinib, baqir-chaqir qilib fuqarolarni tinchligi va osoyishtaligini buzib mayda bezorilik qilgan.

Shundan so`ng, voqea joyiga bozor rahbari A.Toshmatov etib kelib M.Zokirova bilan janjallashib ketadi. Bir-birlarini uyatli so`zlar bilan so`kishib, o`sha erdagi boshqa fuqarolarni tinchligi va osoyishtaligini buzgan. Xususan, janjal davomida A.Toshmatov jamiyatda belgilangan yurish-turish qoidalaridan chetga chiqib va jamoat tartibini mensimasdan, boshqa fuqarolarni oldida M.Zokirovani «xalq dushmani» deb haqorat qilgan. Go`yoki, kim, qaerda, qanday savdo qilishini o`zi belgilab berishini ma`lum qilib, savdo ishlarini davom ettirishni uqtirgan.

Bundan tashqari, A.Toshmatov janjal davomida M.Zokirovaga muqaddam tol daraxtini kestirib yuborib, javobgar bo`lishida go`yoki pora berib qutulgani haqida gapirib, unga tuhmat qilgan.

– Sud ish holatlarini har tomonlama tahlil qilib, barcha taraflarning harakatlariga baho berdi, – deydi Toshloq tuman ma`muriy sudi raisi Abrorxon Akramov. – A.Toshmatovning xatti-harakatlari M.Zokirovaning shaxsiga emas, balki jamiyatda o`rnatilgan tartib-qoidalar, davlat organlari va fuqarolarni o`z-o`zini boshqarish organlarining normal ish faoliyatiga qarshi qaratilib, bezorilik hissiyotlari zamirida sodir etilgan deb hisoblab, uni harakatlarini haqorat qilish emas, balki bezorilik deb baholadi. Unga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 40-moddasi va 183-moddalari bilan uzil kesil o`tashlik uchun ma`muriy qamoq jazosini tayinladi.

    Boshqa yangiliklar