Avval xabar qilinganidek, shu yil 1 iyuldan 7 iyulgacha bo`lgan muddatda “Jibek joli” — «G`isht-Ko`prik» nazorat-o`tkazish punkti orqali 2700 nafardan ortiq hamyurtlarimiz O`zbekistonga qaytgan. Biroq yuzaga kelgan texnik muammolar tufayli Qozog`iston-O`zbekiston chegarasidan yurtdoshlarimizni o`tkazish cheklangan miqdorda amalga oshirildi. Oqibatda bu holat chegarada 3000 ga yaqin O`zbekiston fuqarolari to`planib qolishiga sabab bo`ldi.
Respublika maxsus komissiyasi, DXX Chegara qo`shinlari va O`zbekistonning Qozog`istondagi diplomatik vakolatxonalarining birgalikdagi sa`y-harakatlari natijasida 8 iyul kuni fuqarolarimizning Qozog`iston-O`zbekiston chegarasidan erkin o`tishiga to`sqinlik qiluvchi barcha texnik va tashkiliy masalalar tezkorlik bilan hal qilindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar qilmoqda.
O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi ma`lumotlariga ko`ra, 2020 yil 8 iyul kuni kechqurun va 9 iyul kuni “Jibek joli” – «G`isht-Ko`prik» nazorat-o`tkazish punktidan 3746 nafar fuqarolarimiz o`tkazildi.
Hozirgi paytda davlatlararo chegarani kesib o`tishda muammolar yo`q, nazorat-o`tkazish punktlari odatdagidek ishlamoqda, fuqarolarning to`planib qolishi kuzatilmayapti.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston fuqarolari qaytib kelgandan keyin Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan talablarga qat`iy rioya qilgan holda 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.






