1

“Nukus” poligonida jangovar mashinalar musobaqasi bo`lib o`tdi

Jamiyat 11.07.2020, 10:35
“Nukus” poligonida jangovar mashinalar musobaqasi bo`lib o`tdi

Shimoli-g`arbiy harbiy okrugning “Nukus” poligonida BTR-80 zirhli transportyor ekipajlari o`rtasida Jangovar mashina biatloni musobaqasi bo`lib o`tdi. Bu haqda Darakchi.uz ga Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Mudofaa vazirligi qo`shinlarida harbiy xizmatchilarning kasbiy malakasini oshirish, jamoalar o`rtasida sog`lom raqobat muhitini qaror toptirish hamda o`z kasbining professionallarini etishtirish maqsadida jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlaridan “Men g`olib!” shiori ostida turli ko`rik-tanlov va musobaqalar o`tkazilishi an`anaga aylandi.

Vazirlik miqyosida bo`lib o`tadigan musobaqaning final bosqichida Jangovar mashina biatloni bo`yicha harbiy okrug sharafini munosib himoya qiladigan nomzodlarni tanlash maqsadida bo`lib o`tgan bellashuvda Nukus garnizonidan 1 ta hamda Urganch garnizonidan 2 ta jamoa maydonga chiqdi.

Minali to`siq maydoni, qumli qiyalik, ko`prik hamda boshqa bir qator yo`lda uchraydigan to`siqlardan o`tish va belgilangan nishonlarni yakson etish kabi vazifalar harbiy xizmatchilar uchun odatiy hol bo`lib qolgan bo`lsa-da, ammo vaqt ko`rsatkichi va g`alabaga bo`lgan kurash butun musobaqa davomida jamoalar o`rtasidagi raqobatning kuchayishini ta`minladi.

Har bir jamoa 5 km uzunlikdagi to`siqlar maydonini ikki marotaba bosib o`tishi va bellashuv shartidagi to`siqlardan o`tishi kerak bo`ldi. To`siqlarni o`tishda xatolikka yo`l qo`yilgan bo`lsa yoki nishonga talafot etkazilmasa unda jamoalar jarima yo`lagi bo`ylab qo`shimcha yo`l bosib o`tishlari belgilangan. Maydonda o`rnatilgan turli ko`rinishdagi texnika va piyoda qo`shinlarining nishonlari mahoratli mo`ljalga oluvchilar tomonidan birin ketin yo`q qilindi.

Ushbu musobaqada eng yuqori natijalar bilan Nukus garnizonidan ishtirok etgan jamoa g`oliblikni qo`lga kirita oldi. Mashina komandiri kichik serjant Doston Lutfullaev boshchiligidagi ekipaj 25,36 daqiqa natija ko`rsatib, birinchilikni qo`lga kiritishga muvaffaq bo`ldi.

Endilikda mazkur ekipaj Mudofaa vazirligi miqyosida o`tkazilishi rejalashtirilgan Jangovar mashina biatlonida harbiy okrug nomidan qatnashish uchun ham yo`llanmani qo`lga kiritdi.

Shuningdek, ayni kunlarda “Nukus” poligonida tank komandiri kapitan G`ayrat Gaynazarov boshchiligidagi ekipaj yana bir musobaqa – Tank biatloni bo`yicha Mudofaa vazirligining final bosqichiga ham shiddat bilan tayyorgarlik ko`rmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1