1

Bu yil 1-sinfga qabul qilish tartibi qanday?

Jamiyat 11.07.2020, 17:48
Bu yil 1-sinfga qabul qilish tartibi qanday?

Koronavirus bilan bog`liq vaziyatda xalqimiz sinovli kunlarni boshdan o`tkazmoqda. Yashash tarzimiz qisman o`zgargan, tartib-qoidalar yangilanmoqda. Shunday kunlarda aholida ko`plab savollar tug`ilishi tabiiy. Ulardan biri maktablarning 1-sinfiga qabul masalasi. Bu jarayon pandemiya sharoitida qanday amalga oshiriladi?

Bunga oydinlik kiritish maqsadida O`zA muxbiri O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi Maktablar boshqarmasi bosh mutaxassisi Akmal Hamidovga bir-necha savollar bilan murojaat qildi.

– 2020/2011 o`quv yilida 650 ming 116 o`g`il-qizni 1-sinfga qabul qilish rejalashtirilgan, – dedi A.Hamidov. – Bolalarni maktabga qabul qilishning birinchi sharti karantin qoidalariga rioya etishdir. Pandemiya sharoitini inobatga olgan holda o`quvchilarning hujjatlari 6-31 iyul kunlari biriktirilgan mikrohudud doirasida, maktablarning imkoniyatidan kelib chiqib esa, ya`ni bo`sh o`quvchi o`rinlari qolgan taqdirda 1-25 avgust kunlari mikrohududdan tashqarida qabul qilinadi.

Shuningdek, ilk bor Toshkent shahrida sinov-tajriba asosida onlayn navbatga qo`yish (qabul.maktab.uz) tizimini ishga tushirdik. Tajriba muvaffaqiyatli amalga oshsa, keyingi yildan respublikamizning boshqa hududlarida ham joriy etiladi.

Yana bir muhim jihatga e`tibor qaratishni istardik, ya`ni ota-onalar farzandini, birinchi navbatda, yashash manziliga yaqin mikrohududdagi maktabga hamda bola so`zlasha oladigan tildagi ta`lim yo`nalishiga berishni tavsiya etardik. Shunday ota-onalar borki, o`zlari rus tilida mutlaqo so`zlasha olmaydi, lekin farzandini rus sinfiga qo`yadi. Bu bolaning fanlarni o`zlashtirishiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Pandemiya sharoitida televidenie orqali onlayn uzatilgan rus tilidagi darslar ham shuni ko`rsatdiki, ota-ona farzandi bilan mustaqil shug`ullanish imkoniyati yo`q. Sababi o`zi bu tilni tushunmaydi. Bola esa o`zi bilmagan tilda bir qancha fanlarni o`zlashtirishi kerak. O`z-o`zidan bu bolada ta`lim sifati pasayib ketishiga olib keldi.

Bundan tashqari 6 yoshli farzandini maktabga berayotgan ota-onalarga bolaning maktabga tayyorgarlik darajasiga yaxshilab e`tibor berishini hamda imkon qadar farzandini yana bir yil bolalik muhitida qoldirishni tavsiya qilamiz.

– Birinchi sinfga qabul uchun to`lov bormi?

– Fuqarolardan bizga bu kabi bo`yicha ko`plab murojaatlar kelib tushyapti. Ta`kidlash kerakki, davlat maktablarining birinchi sinfiga qabul qilishda hech qanday to`lovlar mavjud emas. Mamlakatimizda umumiy o`rta ta`lim olish bepul.

– Viloyatdan kelgan ota-onalar farzandini maktabga berishi uchun propiska talab qilinadimi?

– Bu toifadagi ota-onalar farzandini 1-sinfga o`qishga berishda vaqtincha turgan joy bo`yicha ro`yxatga olinganlik varaqasini yoki ijarada turayotgan bo`lsa ijara shartnomasini taqdim etishi mumkin.

Umuman olganda, hududlardan kelib poytaxtda yashayotgan ota-onalardan qat`iy tartibda doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga qo`yish (avvalgi doimiy propiska) talab etilmaydi.

– Birinchi sinfga qabul jarayonida qanday hujjatlar talab qilinadi?

– Buning uchun avvalo ota yoki ona maktab direktori nomiga farzandini 1-sinfga qabul qilishini so`rab ariza yozadi. Ota-onaning pasporti (doimiy propiskasi yoki turgan joyi bo`yicha vaqtincha hisobga olingani haqidagi qayd yozuvi ko`rsatilgan holda), bolaning tug`ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxalari, sog`lig`i to`g`risida tibbiy ma`lumotnoma, 3,5x 4,5 o`lchamdagi 4 dona rangli fotosi kerak bo`ladi.

– Odatda 1-sinf o`quvchilari o`quv yili boshlanmasidan oldinroq maktabga jalb qilinib, ularga ko`nikma darslari tashkil qilinardi. Bu yil bu tartib qanday?

– Amaliyotda maktabga chiqishdan avval ota-onalarning xohishlariga ko`ra maktabga tayyorlov mashg`ulotlari o`tkazilgan, hozirda yurtimizda karantin cheklovlari amalda bo`lgani va maktablarda o`quv jarayonlari to`liq to`xtatilganligi bois, buning imkoni yo`q. Lekin o`quv yili boshlanganda boshlang`ich sinf o`qituvchilari va psixologlar tomonidan bolalarning maktabga moslashuv jarayonlarini tezlashtirish uchun amaliy yordam ko`rsatiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1