1

Qirg`iziston musulmonlari og`ir judolikka uchradi. O`zbekiston muftiysi hamdardlik bildirdi

Dunyo 11.07.2020, 22:38
Qirg`iziston musulmonlari og`ir judolikka uchradi. O`zbekiston muftiysi hamdardlik bildirdi

11 iyulga o`tar kechasi Qirg`izistonning sobiq muftiysi (2010-2012 yillar), din olimi Chubak hoji Jalilov 45 yoshida olamdan o`tdi. 

Qirg`iz OAVlari marhumning pnevmoniyaning og`ir turidan vafot etganini yozmoqda. 

Chubak hoji Jalilovning vafoti munosabati bilan O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Qirg`iziston musulmonlariga hamdardlik bildirdi. Jumladan shunday deydi:

"Qirg`izistonda din sohada ko`p yillar xizmat qilgan, Hanafiy mazhabi ulamolaridan biri Chubak hoji Jalilovning vafoti munosabati bilan o`z nomimdan va O`zbekiston musulmonlari nomidan Qirg`iziston mo`min-musulmonlariga va rahmatli din olimining yaqinlariga chuqur ta`ziya bildiramiz. O`zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ushbu musibatga chin qalbdan sherik ekanini izhor etadi.

Qardoshlarimizning ushbu ulkan qayg`u va yo`qotishlariga sherik bo`lgan holda, Alloh taolodan ularga sabr-bardosh tilaymiz. Zero, Qur`oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…” (Baqara, 156) deyilgan.

Taniqli ulamo Chubak hoji Jalilovning Hanafiy mazhabi ta`limotini keng yoyish, mo`min-musulmonlar ehtiyojini ta`minlash va xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlikni mustahkamlashdagi xizmatlarini husni qabul aylab, ulkan ajru savoblar ato etsin.

Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to`ldirsin.

Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so`raymizki, marhum ulamoni o`zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog`lariga doxil etsin".

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1