1

"O`zbekistonda koronavirus simptomidagi boshqa kasallik tarqaldimi?" Jurnalist mas`ullardan aniq javob so`ramoqda

Jamiyat 13.07.2020, 07:43
"O`zbekistonda koronavirus simptomidagi boshqa kasallik tarqaldimi?" Jurnalist mas`ullardan aniq javob so`ramoqda

Jurnalist Barno Sultonova koronavirusga test topshirish jarayoni va kasallikdan himoyalanmagan ish tizimini tanqid qildi:

"Oilaviy gripp bo`lganimizga mana 14 kun bo`ladi. Hali qutulolganimiz yo`q. Uchinchi yoki to`rtinchi kuni Chilonzordagi SESga analiz topshirishga bordik.

Pasportimizni o`sha erdagi oshxonaga o`rnatilgan kserokopiyada nusxalatdik. Shundoqqina oshxonaga kirishda. Tasavvur qilayapsizmi, bu kserokopiyadan nechta kovid bo`lgan odamning pasporti nusxalanganini. Odamlar bir-biriga juda yaqin turibdi. Navbat juda katta. 3, 4 kundayam javobi chiqmaganlar asabiylashib, jig`ibiyroni chiqib ortiga qaytayapti va nihoyat bizning ham navbatimiz keldi. Amallab analiz topshirdik, oxirgi lahzalarda. Kovidning javobi to`rt kun deganda chiqdi.

Shu to`rt kun ichida boshimizdan o`tgani mayli, ko`nglimizdan nimalar kechganini o`zimiz bilamiz. Barchamizda harorat tushadi, chiqadi. Tomoqda qichishish, holsizlik, mushaklarda og`riq. Uchinchi kuni hammamiz ta`m va hid sezishni yo`qotdik. Xullas, 4 kun deganda javobi chiqdi — manfiy. Biz juda xursand edik. Garchi hali ahvolimiz engillashmagan bo`lsa-da, hamon shuncha davo choralarini ko`rayotgan bo`lishimizga qaramay, na og`irlashmagan na engillashmagan bo`lsak-da, kasallik kovid emasligidan xursand edik.

Lekin mana oradan 10 kun o`tdi. Haliyam ta`m bilmayapmiz, hid bilmayapmiz. To`g`ri, issig`imiz ko`tarilmayapti, ammo holsizlik, charchoq davom etmoqda. Hammamiz ozib ketdik, ko`zlarimizning tagi chuqurlashib qorayib ketdi...

Internetda 20 dan ortiq video ko`rdim, maqolalarni o`qidim. Bizda aynan o`sha simptomlar kuzatildi — mushak og`rig`i, ta`m bilmaslik, hid bilmaslik, tomoq qichishi, quruq yo`tal, hatto o`g`limda ba`zi manbalarda aytilanidek, diareya kuzatildi.

Yana bir gap. Bizdan uchta o`rin oldinda topshirganlarning biridan kovid chiqibdi. Javobini bilishga borganimizda eshitdik. Uning qog`ozlarini olib ketishga kelgan sherigi  ayol shunday dedi: «Kovid chiqqan bo`lsa, nega hech kim xabar olmayapti, issig`i tushmayapti», dedi. Tasavvur qilayapsizmi, kovid chiqqan o`sha insonning pasportini hamshiralar ushlab registrasiya qilgan, undan keyin navbatdagi boshqa odamlarning pasportini ushlagan, demak yana bir nechta odamga kovid yuqqan bo`lishi mumkin.

Aptekalarda bir necha bor kuzatdim. Hamma «arbidol», «ergoferon», «parasetamol» kabi dorilarni to`xtovsiz olishmoqda. Ulardan so`rasam grippmiz deyishdi. Lekin biror joyda O`zbekistonda shunaqa gripp ham tarqagani haqida mutaxassislar ogohlantirishlar bilan chiqmadi? Deyarli hammada kovidning simptomlari kuzatilmoqda. Aynan shunday. Shuncha yil gripp bo`lib, hali bunaqasini ko`rmaganmiz. Haliyam o`zimizga o`zimiz «bu nima edi» deb hayratlanayapmiz.

Yana bir xavotirli statistika qayd etilishicha, joriy yil iyun oyi o`rtalarida Qozog`istonning Chimkent, Oqto`be va Atirau viloyatlarida zotiljamning noma`lum turi bilan kasallanish holati sezilarli darajada ko`paygan. Bu borada o`lim ko`rsatkichi COVID-19dan ham kattaroq. Ma`lumotlarga qaraganda, joriy yilning birinchi yarmida Qozog`istonda zotiljamdan 1772 kishi vafot etgan. Iyun oyining o`zida esa 628 ta o`lim holati qayd etilgan.

Hozir hech kimning bo`yniga hech narsani qo`ya olmaymiz. Shifokorlar vaqtida kelmadi, deb jar sololmaymiz. Ularning javobi tayyor — «bemor kech murojaat qilgani uchun og`irlashdi», «uyida o`zini o`zi davoladi», «qo`shimcha kasalliklar mavjud edi» va hok. Dod desangiz ham, voy desangiz ham sizni eshitadigan odam yo`q.

Poliklinikalarga chiqsangiz, bahonasi karantin yoki issig`i chiqqan bemordan yovdan qochganday qochishadi. Tez yordamni chaqirsangiz kelmaydi yoki parasetomol bilan issiqni tushirishni maslahat beradi. Test topshiray desangiz 4-5 kunda javobi chiqadi, kovid yuqtirgan odam javobi chiqqunicha yo u yoqlik, yo bu yoqlik bo`ladi. Pullik testlar bir oilada, aytaylik, to`rt yoki besh kishi topshirsa narxi bir milliondan oshib ketadi. Usiz ham karantinda ishsizlikdan qiynalib o`tirgan odamlar tavakkal qilishdan, hech qaerga murojaat qilmasdan uyda O`Z BILGANIChA davolanishdan boshqa chora ko`rmaydi. Va buning oqibatida uyda davolanayotgan, og`irlashgach shifoxonada vafot etayotgan bemorlar soni ko`paygandan ko`payaveradi.

Mutaxassislardan javob kutib qolamiz, aholi orasida keng tarqalayotgan, kovidga aynan o`xshash simptomlar bilan kechayotgan gripp — kovid bo`lmasa, nima???"

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1