1

Turkiya “Avliyo Sofiya”ni masjidga aylantirganidan keyin dunyo bunga qanday munosabat bildirdi?

Dunyo 13.07.2020, 13:44
Turkiya “Avliyo Sofiya”ni masjidga aylantirganidan keyin dunyo bunga qanday munosabat bildirdi?

10 iyul kuni Turkiya sudi Istanbuldagi “Avliyo Sofiya” muzeyini masjidga aylantirish bo`yicha qaror qabul qildi. Mamlakat rahbari Rajab Tayyip Erdo`g`an ham bu qarorni tasdiqlagan. Oltinchi asrda qurilgan “Avliyo Sofiya” aslida cherkov bo`lgan va o`n beshinchi asrda masjidga aylantirilgan. Yigirmanchi asrga kelib bu er muzey maqomini olgan.

Shuning uchun ko`plab G`arb mamlakatlari va xristian dini namoyondalari “Avliyo Sofiya”ning masjidga aylantirilishiga qarshi chiqishgandi. Quyida bu erni masjidga aylantirilganidan keyin ba`zi mamlakatlar bunga qanday munosabat bildirganlari bilan tanishamiz.

Gresiya

“Turkiyaning bu tanlovi “Avliyo Sofiya”ni dunyo yodgorliklaridan biri deb hisoblovchi barchani ranjitdi. Bu holat Turkiyaning nafaqat Gresiya bilan, balki Evropa Ittifoqi bilan bo`lgan aloqalariga ta`sir ko`rsatishi mumkin” degan Gresiya Bosh vaziri Kiraiakos Misotakis.

AQSh

“Turkiya hukumatining “Avliyo Sofiya”ning maqomini masjidga o`zgartirish haqidagi qarori bizni xafa qildi. Biz turk hukumatining “Avliyo Sofiya”ga barcha din vakillarining hech qanday qarshiliksiz kirishiga sharoit yaratishiga umid qilamiz” deydi AQSh Davlat Departamenti matbuot kotibi Morgan Ortagus.

Rus provaslav cherkovi

“Bu sharmandalik. Turk hukumati rus provaslav cherkovi va boshqa provaslarning manfaatlarini inobatga olmadi. Afsuski, bu qaror qabul qilinayotganda hozirgi qarama qarshiliklarni bartaraf etish o`ylab ko`rilmadi, aksincha, endi kelishmovchiliklar yanada avj olishi mumkin” dedi rus provaslav cherkovi rasmiysi Vladimir Legoida.

Evropa Ittifoqi

“Turkiya davlat qo`mitasining mamlakatdagi diqqatga sazovor joylardan biri bo`lgan “Avliyo Sofiya”ning maqomini o`zgartirishi va prezident Tayyip Erdo`g`anning ushbu joyning boshqaruvini Diniy Ishlar qo`mitasiga topshirgani achinarli hol” dedi Evropa Ittifoqining Tashqi Siyosat bo`yicha rahbari Jozef Borrel.

BMT

“YuNESKO turk hukumatini butun dunyoga tegishli bo`lgan mazkur moddiy merosning qiymatini tushirmaslik uchun tezlik bilan muzokaralar o`tkazishga chaqiradi. Keyingi haftada uning himoyasi Dunyo Meroslari Qo`mitasida ko`rib chiqiladi” deyiladi YuNESKO bergan bayonotda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1