Bugun internetsiz biror ishni bitirish qiyin. Gohida nima ish qilishni bilmay qolgan odam ham bekorchilikdan internetni titkilashga tushadi. Hozirda internet nafaqat axborot manbai, balki ayrimlarning aybu nuqsonlarni fosh etuvchi qurolga aylangani ham bor gap.
Yaqinda internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan bir video katta shov-shuvga sabab bo`ldi. Unda bir yigit va qizning nojoiz erdagi nojo`ya harakatlari o`rin olgan. Tafsilotlarga keng o`rin bermadik. To`g`ri, bunaqa “tomosha”larni bugun “o`rgimchak to`ri”dan istagancha topish mumkin. Ammo, ko`pchilikni qiziqtirgan narsa ushbu “tomosha”dagi yigitning xonanda va bastakor Komilga o`xshatilayotganidir.
Mashhurlar ishtirokidagi “qaynoq” videolar ham bugun hech kimga yangilik emas. Kimdir boshqa bir hamkasbini obro`sizlantirish, yana kimdir ommaning e`tiborini o`ziga qaratish uchun “piar” uyushtirish maqsadida bunday lavhalarni tarqatishi haqida ham eshitganmiz.
Bu videolavhadan so`ng ko`pchilik ikkita savolga javob izlayapti:
1. Videolavhadagi yigit chindan ham Komilmi?
2. Bu videoni tarqatishdan kim manfaatdor?
Birinchi savolga javob topish maqsadida Komilning o`ziga yuzlandik:
— Bu o`xshashlik tasodifdan boshqa narsa emas. Oilam dagilar meni bilishadi va ishonishadi. Meni hayotda ko`rganlar esa u men emasligimni bilishadi. Tuhmat qilayotganlarni esa Xudoga soldim!
Bu singari suratlar va videolarning “qahramon”lari kim bo`lishidan qat`i nazar, ularning ishini aslo oqlab bo`lmaydi. Axloqsizlik, behayolik hech qachon yaxshilik keltirmaydi. Axir inson bunday harakatlarini boshqalar nigohidan panada amalga oshirgani bilan Yaratgandan yashirolmaydi-ku? Qolaversa, bunday tomoshalar kim nima maqsadda tarqatilishidan qat`i nazar yaxshilikka xizmat qilmaydi.
Shunday ekan, nafaqat el nazaridagi mashhurlar, balki oddiy odamlar ana shunday sharmandali holatga tushib qolmaslik uchun poklik, odob-axloq chegarasini buzib o`tmaganlari ma`qul.
Darvoqe, bizning ham bu haqda so`z ochganimizdan maqsad bunday holatlarni targ`ib etish emas, ogohlikka va ezgulikka chorlashdir...





